Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sharq” va “Nasaf” poyezdlari “Toshkent” markaziy temir yoʻl vokzalidan harakatlanishni boshladi
12:46 / 2020-06-16

Yoʻlovchilar uchun yana bir qulaylik, ular chiptalarni ortiqcha ovoragarchiliksiz, kassalarga kelmasdan, naqd pul ishlatmasdan, elektron tarzda xarid qilishlari ham mumkin.

“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan karantin davrida “yashil” va “sariq” hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy amal qilgan holda mahalliy yoʻnalishlarda temir yoʻl qatnovlarini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish tashkil etilmoqda.

Unga koʻra dastlab joriy yilning 18-may kunidan boshlab Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro hamda Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar hamda Fargʻona vodiysiga tezyurar yoʻlovchi poyezdlar qatnovi (borish va qaytish) qayta yoʻlga qoʻyilgan edi. 15-iyun kunidan esa “Toshkent” janubiy temir yoʻl vokzalidan Toshkent – Termiz – Toshkent, Toshkent – Xiva – Toshkent hamda Toshkent – Nukus – Toshkent yoʻnalishida ham qatnovlar qayta tiklandi.

Bugun 16-iyun kuni “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Toshkent” markaziy temir yoʻl vokzalidan Toshkent –¬ Qarshi – -Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 4/3 raqamli “Nasaf” hamda Toshkent – Buxoro – Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 10/9 raqamli “Sharq” yoʻlovchi poyezdlarining harakatlanishi yoʻlga qoʻyildi.

Maʼlumki, ushbu poyezdlar karantingacha “Toshkent” janubiy temir yoʻl vokzalidan harakatlangan boʻlsa, endilikda karantin muddati tugagunga qadar bu poyezdlar “Toshkent” markaziy temir yoʻl vokzalidan qatnovlarini amalga oshiradi. Bunga sabab esa “Toshkent” janubiy temir yoʻl vokzalidan harakatlanadigan poyezdlar soni “Toshkent” markaziy temir yoʻl vokzalidagiga qaraganda bir muncha koʻproq. Shu bois pandemiya davrida yoʻlovchilarni bir joyga yigʻmaslik, oraliq masofani saqlab, karantin qoidalariga toʻliq rioya qilinishini taʼminlash maqsadida shu qarorga kelindi.

Harakat jadvaliga koʻra, Toshkent – Qarshi – Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 4/3 raqamli “Nasaf” poyezdlari har kuni ertalab soat 08:52 da “Toshkent” markaziy temir yoʻl vokzalidan va kunning ikkinchi yarmida, yaʼni soat 17:00 da “Qarshi” temir yoʻl vokzalidan harakatlanadi. Toshkent – Buxoro – Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 10/9 raqamli “Sharq” poyezdlari esa har kuni ertalab soat 09:15 da “Toshkent” markaziy temir yoʻl vokzalidan hamda kunning ikkinchi yarmida, yaʼni soat 16:10 da “Buxoro” temir yoʻl vokzalidan harakatini amalga oshiradi. Ushbu poyezdlar poytaxtga qaytib kelganda ham “Toshkent” markaziy temir yoʻl vokzaliga keladi.

Yoʻlovchilar uchun yana bir qulaylik, ular chiptalarni ortiqcha ovoragarchiliksiz, kassalarga kelmasdan, naqd pul ishlatmasdan, elektron tarzda xarid qilishlari ham mumkin.

Poyezdlar yoʻlga chiqishdan oldin depoda hamda manzilga yetib borgach yoʻlovchilar vagonlardan toʻliq tushib ketgandan soʻng dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi. “Vokzal maʼmuriyati tomonidan yoʻlovchilarning vokzalga hamda poyezd vagonlariga kirayotganida karantin va sanitariya hamda epidemiologiya qoidalariga qatʼiy amal qilishlariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Dezinfeksiya qurilmalari va teplovizir yordamida har bir yoʻlovchining tana harorati oʻlchanib, bir martalik tibbiy niqob hamda qoʻlqoplar berilayapti.

“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlik jamiyati maʼmuriyati yoʻlovchilardan karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda avvalo oʻzlarini soʻng atrofdagilarni pandemiya virusidan saqlash maqsadida karantin va gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini soʻrab qoladi.

Rustam HAYDAROV

(OʻzA)