Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sharq taronalari” jahon taronalariga aylandi
23:52 / 2024-08-29

Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali yakunlandi.

Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi arafasida Samarqand yana bir bor dunyo musiqa va san’at ahli nigohida bo‘ldi. Qadimiy va hamisha navqiron shaharda jahonning 80 ga yaqin mamlakatidan 400 nafardan ziyod vakillar xalqaro musiqa festivalida qatnashib, san’at tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik ramzi ekanligini namoyon etdi.

Chorak asrdan ortiq vaqtdan buyon an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad ham dunyo xalqlari milliy musiqa madaniyati an’analarini targ‘ib etish va asrab-avaylash, tili, dini, millatidan qat’i nazar, barcha xalqlarni san’at orqali bir-biriga yaqinlashtirish va ular o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashdir. Ayniqsa, bugun dunyoning manzarasi o‘zgarib borayotgan globallashuv davrida bunday nufuzli san’at bayramlarini o‘tkazishning ahamiyati beqiyos.

[gallery-19015]

Buni davlatimiz rahbari festivalning tantanali ochilish marosimidagi tabrik so‘zida ham qayd etib, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining tub mohiyatini turli davlatlar bilan tinchlik va hamkorlik, do‘stona munosabatlarni rivojlantirish tamoyili tashkil etishini ta’kidladi.

Shu ma’noda, yurtimizda “Sharq taronalari” anjumani bilan birga, xalqaro maqom san’ati, baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, folklor va raqs san’ati bo‘yicha “Buyuk ipak yo‘li”, “Lazgi” xalqaro festivallari, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ular, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonning jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan ezgu da’vatidir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Festival “Sharq taronalari” deb nomlansa-da, unda sayyoramizning barcha qit’alaridan xonanda va sozandalar, musiqashunoslar ishtirok etib, o‘z milliy kuy-qo‘shiqlarini ijro etmoqda, an’ana va qadriyatlarini namoyish qilayotir. Shu jihatdan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Sharq taronalari” bugun jahon taronalariga aylandi.

Pandemiya sababli besh yillik tanaffusdan so‘ng o‘tkazilgan o‘n uchinchi festivalda 30 dan ortiq mamlakat musiqiy jamoalari, xonanda va sozandalari o‘z dasturlarini taqdim etdi. Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari 7 kishidan iborat xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan ikki yo‘nalish – professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qo‘shiq yo‘nalishi hamda zamonaviy musiqa va qo‘shiq yo‘nalishi bo‘yicha baholandi.

An’anaga ko‘ra, festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanda ilk bor 32 xorijiy davlatdan 50 nafardan ziyod musiqashunos, folklorshunos va madaniyatshunos olimlar, shuningdek, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari qatnashdi. Konferensiyaga 40 dan ortiq davlat musiqashunoslari tomonidan 100 tadan ko‘proq, yurtimiz olimlaridan esa 70 ta ilmiy maqola taqdim etildi.

San’atshunoslar ikki kun davomida “Sharq xalqlari mumtoz musiqa ijodiyotida umummilliy an’analarning mushtarak jihatlari”, “Musiqa ijrochiligining zamonaviy jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari”, "Sharq xalqlari musiqa madaniyatining globallashuv jarayonlari – yoshlar nigohida” sho‘’balarida dolzarb mavzudagi chiqishlari bilan qatnashdi. Shuningdek, yurtimizning taniqli musiqashunos olimlari hamda san’atkorlari tomonidan mahorat saboqlari o‘tkazildi.

Anjuman davomida Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY qoshidagi turkiy davlatlar san’at universitetlari ittifoqining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati instituti ittifoq a’zoligiga qabul qilindi.

Festival kunlari ishtirokchilar Registon maydonidagi asosiy sahnada tanlov dasturi bo‘yicha o‘z chiqishlarini namoyish etdi. Samarqand shahri va tumanlardagi teatrlar, madaniyat va istirohat bog‘larida tashkil etilgan konsertlarda qatnashdi.

To‘rt kunlik dastur bo‘yicha barcha tadbirlar, anjuman va ko‘rgazmalar yakunlandi. Avgustning so‘nggi kunlarida dunyo san’at ahlining bosh sahnasiga aylangan Registon maydonida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Festival qatnashchilari va hakamlar hay’ati tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilgani, yuksak hurmat-ehtirom va samimiy mehmondo‘stlik uchun mamlakatimiz rahbariyati va Samarqand ahliga minnatdorlik bildirdi.

Dastlab, festival qatnashchilari “Eng faol ishtirokchi”, “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Samarqand viloyati va shahar hokimligi hamda boshqa tashkilotlarning maxsus mukofotlari topshirildi.

Nominatsiya g‘oliblariga diplom, 1000 AQSH dollaridan pul mukofoti va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Sahnaga Mo‘g‘ulistonning “Batbayar Batnyam” jamoasi, Yaponiya vakili Mashu Kamazaki va Rossiyaning “Shimoliy xor” ansambli taklif etildi. Ularga festivalning uchinchi darajali diplomlari, 2 ming AQSH dollaridan pul mukofoti va esdalik sovg‘alari berildi.

Ikkinchi o‘ringa Qozog‘istonning “Atameken” musiqiy guruhi hamda mamlakatimiz vakillari – “Maqom Band” jamoasi a’zolari Alisher Ahmedov va Fazilat Ahmedova sazovor bo‘ldi. Ularga 3,5 ming AQSH dollaridan pul mukofoti, diplom va boshqa sovg‘alar topshirildi.

Festivalning birinchi o‘rin va 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti Turkmaniston milliy musiqa ansambliga berildi.

Xalqaro hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini – Gran-pri Ozarbayjonning “Semurg‘” muqom ansambliga berilgani ma’lum qilindi.

G‘olib jamoaga 10 ming AQSH dollari pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

– “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali g‘olibi bo‘lganimizdan cheksiz hayajon va quvonchdamiz, – deydi Gran-pri sohibi, "Semurg‘" muqom ansambli rahbari Elnur Mikailov. – Aslida, bu san’at bayramida qatnashish, Registonda qo‘shiq kuylashning o‘zi katta sharaf. G‘olib bo‘lish esa barcha ishtirokchilarning eng katta orzusidir. Bizga bu yil ana shunday baxt nasib etganidan xursandmiz. Chiqishlarimizga munosib baho bergan hakamlardan, bizni qo‘llab-quvvatlagan tomoshabinlardan minnatdormiz.

Marosimda yurtimiz san’at ustalari va yosh ijrochilar, festival g‘oliblari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari yana Samarqandda uchrashish niyatida xayrlashdi.

Festival g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri O.Nazarbekov hamda Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi S.Rayev ishtirok etdi.

G‘olib HASANOV, O‘zA maxsus muxbiri