Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sharq taronalari” festivali ishtirokchilari 25-avgustdan Registonda chiqishlarini boshlaydi
23:14 / 2019-08-23

Bu yil “Sharq taronalari” oʻn ikkinchi xalqaro musiqa festivalida 74 davlatdan vakillar qatnashishi kutilmoqda


Bu yil “Sharq taronalari” oʻn ikkinchi xalqaro musiqa festivalida 74 davlatdan vakillar qatnashishi kutilmoqda.

Festival matbuot markazining xabar berishicha, Madaniyat vazirligi va Xalqaro festivallar direksiyasi tomonidan “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivalida ishtirok etayotgan musiqiy jamoalarning Registon maydonida chiqishlari reja jadvali ishlab chiqilgan.

Unda belgilanishicha, 25-avgust kuni Afgʻoniston (“Haft goh”), Misr (“Heritage Ensemble For Arab Music-Cairo Opera House”), Gollandiya, Iroq, Turkiya (International - “Mundus Trio”), Qozogʻiston (“Babalar sazы”), Argentina (“Sandra Rehder”), Hindiston (“Debapriya & Samanwaya”), Eron (“Haray Ladies Folklore Music Group”) davlatlaridan kelgan musiqiy jamoalari tanlov dasturi boʻyicha chiqishlarini boshlaydi.

Ishtirokchilarning chiqishlarini yetti kishidan kam boʻlmagan xalqaro hayʼat baholab boradi. Xalqaro hayʼatga xorijiy va mahalliy musiqashunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar, kompozitorlar va bastakorlar, xorijiy davlatlardagi xalqaro sanʼat festivallari tashkilotlari vakillari taklif etilgan. Yorqin anʼanaviy xususiyatlar, mazmundorlik, yuksak ijro mahorati va sahna madaniyati jamoalarni baholashning asosiy mezoni hisoblanadi.

Festival nizomiga koʻra, tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikki yoʻnalish – professional tarzdagi xalq musiqa va qoʻshiqlari hamda anʼanaviy yoʻlda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qoʻshiq yoʻnalishlarida baholanadi.

Bu yil festival Gran-Pri sohibiga 10 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofoti beriladi. Ikkita 1-oʻrin, ikkita 2-oʻrin va uchta 3-oʻrinni egallagan ishtirokchilar ham 5 mingdan 2 ming dollargacha pul mukofotini qoʻlga kiritadi. Shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholgʻu musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalarda ham gʻoliblar maxsus diplom hamda 500 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Festival ishtirokchilari tanlov dasturidan boshqa vaqtlarda Samarqand shahrida, shuningdek, Oqdaryo, Samarqand, Pastdargʻom, Toyloq, Urgut va Jomboy tumanlaridagi istirohat bogʻlari, madaniyat muassasalarida ijodiy uchrashuvlar, konsertlarda qatnashadi.