O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi san’at ixlosmandlari, ijodkorlar va keng jamoatchilik e’tiboriga O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Fayzulla Ahmadaliyevning “Hadis izidan” nomli shaxsiy ko‘rgazmasini taqdim etdi.
Fayzulla Ahmadaliyev – o‘zbek zamonaviy tasviriy san’atida mustahkam o‘ringa ega ijodkorlardan. Uning asarlari falsafiy mushohadaga chorlashi, ma’naviy mazmunga boyligi bilan e’tiborli. Rassom insonning ichki ma’naviy olamiga, Sharq an’analarida borliqning ildizi sifatida qabul qilinadigan ruhiy holatga murojaat qilgan holda, o‘ziga xos badiiy tilni shakllantirgan. Uning asarlari bu – ma’naviy o‘z-o‘zini anglash yo‘li bo‘lib, unda shakl, rang, mato fakturasi ma’no, xotira va hissiy chuqurlikni ifoda etuvchi vositaga aylangan. Ijodkor uchun san’at bu – yo‘l, ya’ni ruhiy kamolot va ichki tafakkur sari uzluksiz harakatdir.
[gallery-26941]
Ko‘rgazmada muallifning so‘nggi besh yilda yaratilgan 80 dan ortiq asari namoyishga qo‘yilgan. Ular rassom badiiy tilining evolyutsiyasini yaqqol aks ettiradi. Asarlarda pigmentlar bilan olib borilgan rangtasvir tajribalar hissiy jihatdan murakkab, teran kompozitsiyalarni vujudga keltiradi. An’anaviy o‘zbek matolari, “quroq” texnikasi hamda xattotlik unsurlarning qo‘llanilishi rangtasvir va amaliy-dekorativ san’at o‘rtasida uyg‘unlik yaratadi. Kompozitsiyaga fotografik fragmentlarning kiritilishi asar fazosini kengaytiradi va kutilmagan badiiy aksentlar hosil qiladi. Sharq ornamental an’analaridan ilhomlangan ramziy-dekorativ motivlar esa muallifning betakror vizual dunyosiga chuqur singib ketgan.
Fayzulla Ahmadaliyev asarlari tomoshabinga tayyor talqinlarni taqdim etmaydi. Aksincha, har bir asar mustaqil mulohaza qilishga chorlaydi.
Ekspozitsiyaning asosiy asarlari orasida “So‘fiy”, “Buxoroliklar”, “Hadis izidan”, “Ziyoratchilar”, “Yolg‘iz karvon”, “Qadimiy Buxoro fragmentlari” kabi ishlar o‘rin olgan. Ushbu asarlar rassom ijodining dinamikasini, yangi mavzular, koloristik yechimlar, an’anaviy hamda zamonaviy badiiy usullar sintezi sari intilishini namoyon etadi.
Ushbu ko‘rgazma zamonaviy o‘zbek san’atining yetakchi namoyondalaridan biri bo‘lgan Fayzulla Ahmadaliyevning badiiy olami bilan yaqindan tanishish, uning obrazlar, ramzlar va metaforalardan iborat mualliflik “lug‘ati”ni kashf etish uchun yaxshi imkoniyatdir. Bu olam orqali har bir tomoshabin o‘z ma’naviy idrok yo‘lini topishi mumkin.
Kamola Yusupova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA