Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharq qismati
09:10 / 2021-04-01

Abdulla ORIPOV, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri

Sharqlikman,

Emasman yo‘lidan ozgan,

San’atga o‘rayman aytar so‘zimni.

Tagor hindu bo‘lib madhiyam yozgan,

Mulla To‘ychi aytgan “Qora ko‘zim”ni.

 

Kashfiyot qilay, deb urinmay harchand,

Yo‘limni muttasil to‘sdi xurofot.

Fikrim koinotni quchsa ham garchand,

Mudom hamroh bo‘ldi aroba-yu ot.

 

Men hatto quyoshning hidini sezdim,

Yulduzlar iforin tuydim bexato.

Gar sevsam, Karbalo dashtida kezdim,

Kirdi tushlarimga Tojmahal tanho.

 

Boshqalar yaratdi, men esa tun-kun,

Unga maftunlikdan aylamadim or.

Afsus, eng chiroyli gulning ham bir kun,

So‘lib, oyoq osti bo‘lmoqligi bor.

 

Boylik qazib oldim yerning ostidan,

Tugab qolishini o‘ylamay aslo.

To‘y qilib, ayrilgan bor bisotidan,

Noshud boyvachchaning o‘ziman go‘yo.

 

Endi anglab yetdim, shuhrat-shonimni

Ta’min etgan ekan buyuk daholar.

Yovlarning o‘qidan xonadonimni

Asrab kelmish doim ezgu duolar.

 

02.03.2016