Misr Arab Respublikasining “Daralmaref”, O‘mon Sultonligining “Asdaaoman”, Falastinning “Wafa” kabi qator yetakchi arab nashrlari O‘zbekiston Prezidentining Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida so‘zlagan nutqiga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari Falastin – Isroil mojarosi masalasida BMT rezolyutsiyalariga muvofiq “ikki davlat qarori” amalga oshirilishini qat’iy qo‘llab-quvvatlagani e’tirof etilmoqda.
– O‘zbekiston Prezidenti G‘azodagi harbiy amaliyotni to‘xtatish, siyosiy muzokarani davom ettirishga chaqirdi, – deyilgan, jumladan, bir maqolada. – Shavkat Mirziyoyev Ukrainadagi vaziyatdan ham chuqur xavotir bildirib, mojaroni diplomatiya yo‘li bilan hal qilish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqot boshlanganini olqishladi. BMTning Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasini samarali amalga oshirish muhimligini ta’kidlab, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy idora tashkil etish uchun O‘zbekiston mamlakatla barcha zarur shart-sharoitni ta’minlashga tayyorligini e’lon qildi. Yetakchi dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hozirgi notinchlik nuqtai nazaridan, global transport tizimi zaifligidan xavotir bildirarkan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, xalqaro transport yo‘laklari xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika tarmoqlarini o‘akllantirish uchun transport aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha global mexanizm yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Maqolalarda Orol dengizi ekotizimini tiklash bo‘yicha sa’y-harakatni davom ettirishni alohida ta’kidlangani bayon etilgan.
– Mirziyoyev iqlim o‘zgarishining yana bir salbiy oqibati sifatida kuchayib borayotgan “iqlim migratsiyasi” hodisasi haqida gapirib, muammoni hal etishning aniq xalqaro mexanizmi, huquqiy asosi yo‘qligiga ishora qildi, – deydi muallif. – Prezident keng qamrovli xalqaro sheriklik o‘rnatish uchun “global xartiya” qabul qilish va ushbu muhim masala bo‘yicha kelishilgan siyosat ishlab chiqishga chaqirdi. Mamlakatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sun’iy intellektdan foydalanish orasidagi nomutanosiblikning oldini olish muhimligi ta’kidlanib, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida amaliy yechimlar topish, sun’iy intellekt modellari erkin almashishi uchun xalqaro hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.
Materiallarda Toshkent mintaqadagi birinchi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etayotgani ham ta’kidlangan. Shuningdek, BMTda buyuk ajdodlarimiz – alloma va mutafakkirlar Imom Buxoriy, Imom At-Termiziy, Imom Al-Moturidiylarning boy ma’naviy, ilmiy merosi maxsus taqdimoti ham rejalashtirilgani qayd etilgan.
O‘zbekiston yetakchisi so‘zi yakunida “Yangi O‘zbekiston” dunyoning barcha davlatlarini hamjihatlikka, ochiq muloqotga, yaqin hamkorlikka chaqirishi, xalqlar, madaniyatlar, sivilizatsiyalar muloqotini mustahkamlash, umumiy insoniy maqsadlarga erishishga munosib hissa qo‘shishga tayyorligini bildirgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA