O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida “Sharq nafis san’ati yoshlar nigohida – IV” nomli ko‘rgazma tashkil etildi.
Unda Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, miniatyurachi rassom Behzod Xadjimetov, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari va yosh miniatyurachi rassomlarning 60 dan ortiq asarlari namoyish etildi.
Ma’lumki, asrlar osha insonlarga go‘zallik hadya etib kelayotgan musavvirlik, ayniqsa, uning o‘ziga xos yo‘nalishi sanalgan miniatyura san’ati uzoq yillar davomida shakllangan, sayqallangan ijod turidir. Sharq miniatyurasining nozik jihatlari, murakkabliklari ijodkordan katta mehnat va izlanishni talab etadi.
Behzod Xadjimetov miniatyura asarlarida bir qarashda biz anglamaydigan go‘zallikni tasvirlab, uni yuksak san’at asariga aylantira oladigan keng bilim va mahoratli rassomdir.
[gallery-5105]
U 1979 yil Toshkent shahrida tavallud topgan. 1994 yildan 1999 yilgacha Toshkentdagi Pavel Benkov nomidagi Rassomlik kollejida tahsil olgan. O‘sha yilning o‘zida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Xattotlik va miniatyura” yo‘nalishiga o‘qishga kiradi. 2004-2006 yillarda o‘sha oliygohning magistratura bosqichini ham tugatadi. 2006 yildan Tasviriy san’at fakulteti “Xattotlik va miniatyura” yo‘nalishida pedagoglik faoliyatini olib boradi.
Ko‘rgazmada Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti yosh o‘qituvchilari, oliygoh bitiruvchilari va talabalarining ijod namunalari namoyish etildi. Ular o‘z ustozlari rahbarligida doimo yangilikka intilib, o‘z mahoratlarini rivojlantirmoqdalar va shu bilan birga, yangi shakllarga ega bo‘lgan an’analarni saqlab qolishga harakat qilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev, (surat) O‘zA