English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sharq mevaxo‘ri” hosilning ellik foizini yakson qiladi
11:49 / 2021-06-18

Mamlakatimizda “O‘zdavkarantin'' inspeksiyasi tomonidan e’lon qilingan “Dolzarb 15 kunlik” doirasida Surxondaryo viloyati o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi "Gilos pashshasi”, "Olma mevaxo‘ri", "Sharq mevaxo‘ri" zararkunandalarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga salbiy ta’sirining oldini olish mavzuida seminarlar tashkil etib, monitoring kuzatuvlari o‘tkazmoqda.

Seminarlarda jahon bozorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabning yildan-yilga oshib borayotgani yurtimizda yetishtirilayotgan sarxil mevalar salmog‘i va sifatiga alohida e’tibor berishni talab etayotgani ta’kidlanmoqda. Bu borada o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirish, karantindagi zararli organizmlar respublikamiz hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, shuningdek, o‘simlik va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish muhim vazifa ekani qayd etilayotir.

– Sohibkorlarimiz uchun tashkil etilayotgan tadbirlarda shuningdek, zararli hashoratlarga qarshi qanday vositalar bilan qay tarzda kurashish lozimligi, beparvolik natijasida hosilning cho‘g‘i va sifatiga jiddiy zarar yetishi xususida yetarli ma’lumot berilayotir, – deydi Surxondaryo viloyati o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘i Davron Tangirov. – Masalan, “Sharq mevaxo‘ri” barcha mevali o‘simliklar uchun xavfli zararkunanda hashorat hisoblanadi. Uning lichinkalari barcha mevali daraxtlarning hosili va yangi kurtaklarini zararlaydi. Asosan, shaftoli, nok, behiga katta zarar yetkazadi. Olma, olxo‘ri, o‘rik daraxtlari hosilining katta qismi nobud bo‘lishiga olib keladi. “Sharq mevaxo‘ri”ga qarshi kurash olib borilmasa, hosil ellik foizdan yuz foizgacha yakson bo‘lishi mumkin.

Viloyatda "Dolzarb 15 kunlik" boshlanganidan buyon inspektorlar "Gilos pashshasi", "Olma mevaxo‘ri", "Sharq mevaxo‘ri" zararkunandalariga qarshi 600 gektardan ortiq maydonda monitoring kuzatuv ishlarini olib bordi. Kuzatuv natijalariga ko‘ra, mevali bog‘larning 32,6 gektarida “Olma mevaxo‘ri” zararkunandasi aniqlandi. O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi inspektorlarining tavsiyasiga asosan 510 gektar maydonga oltinko‘z, trixogramma va brakon entomofaglari chiqarildi. Mevali bog‘larning zararlanish darajasidan kelib chiqib, kimyoviy preparatlar bilan ishlov berilmoqda.

Joriy yilda ham sarxil meva, sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlashda boy tajribaga ega vohada mo‘l hosil yetishtirildi. Ayni paytda hosilning bir qismi mahalliy iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. Ichki bozordan ortgan meva xorijga eksport qilinmoqda.

Viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi axborot xizmati xodimi Rajabgul Muhammadiyevaning ta’kidlashicha, fermer va dehqon xo‘jaliklari sohibkorlari, tomorqa yer egalarining mo‘l, sifatli sarxil meva yetishtirishida turli hashoratlarga qarshi o‘z vaqtida olib borilayotgan  kurash  o‘z samarasini bermoqda.

Hududlarda zararkunandalarga qarshi monitoring kuzatuv ishlari davom etmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA