Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharq matbuotida Konstitutsiyamiz tahlili
12:25 / 2025-12-06

O‘mon Sultonligining “Asdaaoman” nashri O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 33 yil to‘lishi munosabati bilan maqola e’lon qildi.

Maqolada 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi qomusimiz fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganiga e’tibor qaratilgan. Hujjatda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi barcha orzu-umidlari, intilishlari aksini topganiga urg‘u berilgan.

Maxsus dastur doirasida bu yilgi bayram tantanalari “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oya asosida keng miqyosda nishonlanishi belgilangan. Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab bayram shodiyonalari yuqori kayfiyatda davom etayotgani qayd etilgan.

– O‘tgan qisqa vaqt mamlakat uchun muhim o‘zgarishlar davriga aylandi, – deyilgan maqolada. – Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yangilanishlarga asos bo‘lgan ushbu hujjat O‘zbekistonning demokratik islohotlardan aslo ortga qaytmasligi, qonun ustuvorligi va barqaror rivojlanishga mudom intilishini tasdiqlaydi.

Kuvaytning nufuzli “Q8 Press” elektron nashrida chiqqan “Yangi O‘zbekiston: Konstitutsiyaviy islohotlardan konstitutsiyaviy barqarorlikka” sarlavhali maqola joriy yil muhim voqealarga boy bo‘lgani bilan boshlangan.

– Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston mustahkam o‘rnatilgan demokratik islohotlarni ishonchli tarzda amalga oshirmoqda, pragmatik tashqi siyosat yuritmoqda, xalqaro hamjamiyat bilan ochiq va faol muloqot olib bormoqda, inson huquqi va erkinligi himoyasi kafolatini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirmoqda, – deb yozadi, jumladan, muallif. – O‘zbekistondagi so‘nggi konstitutsiyaviy islohotlar o‘ziga xos xususiyatga ega. Masalan, hujjatga kiritilgan tuzatishlar ochiq, erkin jamoatchilik fikridan so‘ng ishlab chiqildi. Bu fuqarolarning keng miqyosdagi ishtiroki va mazmunli muhokamani ta’minladi. Ikkinchi xususiyat inson huquqi institutlarining konstitutsiyaviy maqomi bilan bog‘liq. Parij tamoyili va Vena deklaratsiyasi hamda harakatlar dasturi tavsiyalariga muvofiq, Milliy inson huquqlari institutlari yaratildi. Uchinchi xususiyat inson huquqi va erkinligi samarali kafolatini mustahkamlash. 2020 yildan buyon O‘zbekistonda konstitutsiyaviy shikoyat yo‘llash mexanizmi ishlayapti, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyati kengaytirilgan, Milliy Inson huquqlari strategiyasi amalga oshirilmoqda. Hozir 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi strategiya ishlab chiqilyapti. Mazkur hujjatda asosiy huquqlarni himoya qilishga ustuvor ahamiyat berilgan. To‘rtinchi jihat fuqarolar orasida konstitutsiyaviy ong madaniyatini shakllantirish bilan bog‘liq. BMT Inson huquqi bo‘yicha ta’lim global dasturi doirasida respublika barcha ta’lim muassasalarida inson huquqi bo‘yicha ta’limni rivojlantirish choralarini ko‘rmoqda. 2025 yil oktyabr oyida Madridda bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaviy adolat bo‘yicha oltinchi Jahon kongressi ishtirokchilari barchani sud qarori vijdonan amalga oshiriladigan, sud tanqidi samarali ta’sir kuchiga ega bo‘ladigan konstitutsiyaviy madaniyatni rivojlantirishga chaqirgani bejiz emas. Zero, shaffoflik, hisobdorlik, davlat institutlari va fuqarolik jamiyati bilan doimiy muloqot sud hokimiyati mustaqilligini kuchaytiradi.

M.Pirmatova tayyorladi. O‘zA