«Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga binoan, yovvoyi hayvonlarni va ularning qismlarini mamlakatdan olib chiqish ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari beradigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
G‘ayriqonuniy ravishda olib chiqishga urinish chog‘ida ushlab qolingan yovvoyi hayvonlar va ularning qismlari belgilangan tartibda olib qo‘yiladi. Mamlakatimizda yovvoyi hayvonlarni va ularning qismlarini mamlakatdan olib chiqishga bo‘lgan urinishlar fosh etilmoqda.

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xodimlari bilan xamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Navoiy” chegara bojxona posti orqali yurtimizdan chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi 15 bosh tirik bo‘g‘ma ilonlarni tegishli ruxsatnomalarsiz olib chiqmoqchi bo‘lgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Unga tegishli 10 litr hajmli yelim idishga joylangan mazkur ilonlar “sharq bo‘g‘ma iloni” zotiga mansub bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida Ustyurt platosi, Janubiy Orolbo‘yi, Vozrojdeniya yarimoroli, Markaziy Qizilqum, Zarafshon vodiysi, Qarshi cho‘li, Zarafshon tog‘i, Qashqadaryo, Jizzax viloyati (Zomin tumani), Sirdaryo viloyati cho‘llari, Toshkent viloyatidagi tog‘ yonbag‘irlari, Farg‘ona vodiysi, Surxondaryo viloyatining tekislik va tog‘oldi qismida uchraydi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu ilonlar O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, hozirda jonivorlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA