Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharq allomalari va mutafakkirlari hamisha yuksak e’tirof etiladi
12:08 / 2021-02-10

O‘zbekiston qadimdan ilmu ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan.

    Shu bois, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

 O‘rta asrlarda yashab ijod qilgan Sharq allomalari va mutafakkirlarining ilmiy-ma’naviy merosi, jahon ilm-fani, sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi dunyo olimlari hamda jahon hamjamiyati tomonidan hamisha yuksak e’tirof etiladi.

  Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi yuzlab allomalarimizni nafaqat biz faxr bilan tilga olamiz, balki xalqaro jamoatchilik, xususan, jahon ilm-fan doiralari vakillari ham yuksak qadrlaydi. Bugun biz ana shunday buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishni maqsad qilganmiz. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari taraqqiyotning yangi bosqichiga intilayotgan xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy barkamolligini namoyon qilishi bilan bir qatorda, Uchinchi Renessans davri poydevori vazifasini bajaruvchi ilm-ma’rifat maskanlari bo‘lishi, shubhasiz.  

  Qayd etish kerakki, ajdodlarimiz tarixdagi har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or, ilmiy salohiyati yuqori xalqlari qatoridan joy egallagan. Ular ilm yo‘lida umrini sarflab, o‘sha davrda mavjud barcha fanlar bo‘yicha yetuk olimlar bo‘lib yetishgan. 

  Shuning uchun ham mamlakatimizdan yetishib chiqqan allomalarning hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosiga qiziqish hamisha xalqaro jamoatchilik, xususan, dunyo olimlarining doimiy diqqat markazida bo‘lib kelgan. Joriy yilning 4 fevral sanasida Misr Arab Respublikasida har kuni qariyb 2 million nusxada chop etiladigan nufuzli “al-Xabar al-yavm” (“Kun xabari”) nomli gazetada “Imom Moturidiy ilmiy merosi xalq va yoshlar orasida keng targ‘ib qilinmoqda” sarlavhali maqola chop etildi.  

Shuningdek, Misr Arab Respublikasining yana bir nufuzli nashri "an-Niyl nyuvs" (“an-Niyl yangiliklari”) gazetasida ham "Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiy merosini xalq va yoshlar orasida keng targ‘ib qilmoqda" sarlavhali maqola chop etildi.  

Misr Arab Respublikasining mazkur ikki nufuzli nashri tomonidan e’lon qilingan maqolalar nafaqat mamlakatimizdan yetishib chiqqan allomalarning hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosiga xalqaro jamoatchilik va dunyo olimlarining katta qiziqishi, balki, Moturidiy merosiga Misr Arab Respublikasida ham katta qiziqish bildirilayotganligini namoyon etadi.

 Mazkur ikki maqolada buyuk vatandoshimiz Abu Mansur Moturidiyning hayoti, allomaning nasabi mashhur sahobiy Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuga borib taqalishi, shu sabab unga “ansoriy” nisbatini berilganligi, Moturidiyning boy ilmiy imerosi, xususan, eng mashhur asarlari – aqidaga doir “Kitob at-tavhid” va Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan “Ta’vilot ahli sunna” asarlari haqida batafsil ma’lumot berilgan.

 Shu bilan birga Imom Moturidiyning ustozlar silsilasi bilan islom olamidagi mashhur olim imom Abu Hanifaga borib taqalishi hamda Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad orqali Abu Hanifaning to‘rtinchi avlod shogirdi ekanligi, Moturidiyga bevosita dars bergan dastlabki ustozi Abu Nasr Iyoziy bo‘lib, u o‘z davrining buyuk olimlaridan biri sanalganligi, shuningdek, Abul Qosim Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil Hakim Samarqandiy, Imom Abul Hasan Ali ibn Sa’iyd Rustag‘faniy, Imom Abu Muhammad Abdulkarim ibn Muso Bazdaviy, Imom Abu Lays Buxoriy kabi islom olamidagi mashhur olimlar hamda Abu Mu’iyn Nasafiy, Umar Nasafiy, Ibn Humom, Sa’duddin Taftazoniy singarilar moturidiya ta’limotining ko‘zga ko‘ringan olimlari Abu Mansur Moturidiyning shogirdlari ekanligi, maqolada batafsil ochib berilgan.

Mazkur maqolalarning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etilgan “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” Imom Moturidiy hamda moturidiyshunos olimlarning ilmiy merosi asosida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishning ustivor yo‘nalishlari haqida ham to‘xtalib o‘tilgan. Bu borada alohida qayd etish kerakki, imom Abu Mansur Moturidiy islom olamida turli o‘zgarishlar, xususan, aqida borasida firqalarning o‘zaro tortishuvlari avj olgan bir paytda yashagan va ko‘plab buzg‘unchi oqim va firqalar diniy ilmi sayoz bo‘lgan kishilarga aqida borasidagi ixtilofli masalalarni o‘rtaga tashlash va jamiyatni izdan chiqarish uchun urinayotgan davrda, Abu Mansur Moturidiy hanafiya mazhabi asosida jamiyatni birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

 Shuning uchun ham Imom Moturidiyning islom olamidagi mavqei juda yuqori bo‘lib, u kishiga “Alamul huda” – hidoyat bayrog‘i, “Imomul huda” – hidoyat imomi, “Musahhihu aqidati ahlis-sunna” – Ahli sunna aqiydasini to‘g‘rilovchi, “Imomul mutakallimin” – Mutakallimlarning imomi kabi nufuzli unvonlar berilganligi haqida ma’lumotlar ham bor.

 bugungi kunda ham din nomidan turli ixtiloflar paydo bo‘lib, mutaassib oqimlarning faoliyati tobora kuchayib bormoqda. Bunday sharoitda ushbu mutaassib oqimlar o‘zlarining g‘arazli maqsad va g‘oyalarini targ‘ib qilishdagi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarining yuqoriligi, turli targ‘ibot usullaridan foydalanishlari muammoning yanada dolzarb ahamiyatga ega ekanligini namoyon etadi.  

 O‘ziga xos bo‘lgan mafkuraviy kurash jarayonida aqida ilmi borasidagi tadqiqot va izlanishlarni yanada takomillashtirish zarur sanaladi. Ayniqsa, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, hozirgi murakkab davrning eng dolzarb vazifalaridandir. Aynan Imom Moturidiyning “Qurolingni ilmdan yasa” deya ta’kidlagan hikmati har qanday vaziyatda ham ilm eng asosiy qurol bo‘lishi darkorligini ko‘rsatadi.

 Shu ma’noda, yangi tashkil etilgan imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi islom dunyosining buyuk mutafakkiri, “musulmonlar aqidasini to‘g‘rilovchi”, “hidoyat peshvosi” Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotiga oid aqidaviy manbalarni chuqur o‘rganish, ulkan merosni xalqaro jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish, xususan, aqida masalalarida ilgari surilayotgan noto‘g‘ri aqida va tushunchalarni moturidiylik ta’limoti asosida tuzatish kabi dolzarb vazifalarni bajarishi hamda ushbu ilm-ma’rifat maskanidan zamonamizning Buxoriylari, Termiziy va Moturidiylari yetishib chiqishiga asos bo‘lib xizmat qilishi zarurligi maqolada alohida ta’kidlangan.