Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharoitlar yanada yaxshilanmoqda
18:21 / 2025-12-01

Sirdaryo viloyati, Guliston tumanida joylashgan 11-son “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yildan yilga yaxshilanmoqda. Bu maktabda bolalar nafaqat umumta’lim fanlarini, balki zamonaviy kasb-hunar va raqamli texnologiyalar asoslarini ham o‘zlashtirib, mustaqil hayotga qadam qo‘yadi.

Maktabda har bir kun bolalarning quvnoq ovozlari va intilishlari bilan boshlanadi. Ular uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, bu ularning kelajakka bo‘lgan ishonchi va umidini yanada mustahkamlamoqda.

O‘quvchilar amaliyotda o‘z mahoratini sinash imkoniga ham ega. Poybzal ta’mirlash, duradgorlik va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishlari bolalarga mustaqil holda mehnatga odatlanish imkonini beradi.

– Bizning vazifamiz bolalarga faqat kasb o‘rgatish emas, balki “men qila olaman” degan ishonchni uyg‘otish. Ular butun jarayonni — material tanlashdan to tayyor mahsulotni ishlab chiqarishgacha — o‘z qo‘li bilan bajaradi, – deydi maktab-internati direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bekzod Hasanboyev.

Kompyuter savodxonligi va dasturlash kabi zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha loyihalar ham bolalarni raqamli kasblar asoslari bilan tanishtirmoqda. O‘qituvchi Jumanazar Musurmonqulov rahbarligida 9–11-sinf o‘quvchilari dasturlar bilan ishlashni o‘rganmoqda va bu sohani kelgusidagi asosiy yo‘nalish sifatida ko‘rishmoqda.

O‘quvchilarning o‘z qo‘llari bilan yaratgan mahsulotlari sabab g‘urur va zavq tuyishlari ham katta ahamiyatga ega.

– Qo‘lim bilan yaratgan har bir mahsulot menga zavq beradi. Kelajakda o‘zimni faqat uy bekasi emas, balki ishbilarmon ayol sifatida tasavvur qilyapman, – deydi 10-sinf o‘quvchisi Dilfuza Rahimjonova.

Yigitlar uchun tashkil etilgan “duradgorlik” to‘garagida bolalar taxta yo‘nish va mebel buyumlari tayyorlash orqali amaliy kasb mahorati bilan tanishtirilmoqda.

– Har bir yaratgan mahsulotimda o‘z mehnatimni ko‘raman, – deydi 8-sinf o‘quvchisi Umidjon Ismoilov. – Chunki bu kasb menga kelajakda albatta kerak bo‘ladi. Mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi.

Maktabda ta’lim va tarbiya jarayonlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Paralimpiya qo‘mitasi, “Barkamol avlod” maktablari va mahalliy hokimiyat organlari hamkorligida amalga oshiriladi. Sport, musiqa, san’at va boshqa to‘garaklar bolalarning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri