Sharoiti ogʻir oilalar uchun boʻsh turgan yotoqxona 60 xonadonga moʻljallangan turar joyga moslashtiriladi
Tumanda shuningdek, joriy yilda 1 ming 700 bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik kompleksi tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-sentyabrdagi tegishli qarori bilan 2020-2022-yillarda Buxoro viloyatining Olot tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, Olot tumanidagi yashash sharoiti ogʻir boʻlgan oilalarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida tuman hokimligining boʻsh turgan yotoqxonasi 60 ta (34 ta – 2 xonali, 26 ta – 1 xonali) xonadonga moʻljallangan turar joyga moslashtirib, rekonstruksiya qilinadi.
Tumanda shuningdek, joriy yilda 1 ming 700 bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik kompleksi tashkil etiladi.
Qaror bilan tasdiqlangan dasturga koʻra, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida jami 155 ta loyihaning amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Jumladan, tumanda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirish boʻyicha 71 ta investitsiya loyihasining amalga oshirilishi va bu orqali 1 ming 342 ta yangi ish oʻrni yaratilishi belgilangan.
Tumandagi 276 nafar ishsizlar tikuvchilik, qishloq xoʻjaligi mashina va jihozlariga texnik xizmat koʻrsatish, hunarmandchilik kabi yoʻnalishlarda kasb-hunarga oʻqitiladi.
Qaror bilan shuningdek, tumanda kambagʻallikni qisqartirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar tasdiqlandi.