Muzeylar orqali har bir kishi o‘z davrining buyuk shaxslari va ijtimoiy hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Ma’lumki, atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov uy muzeyi Jizzax viloyatida joylashgan va Sharof Rashidovning boy merosini o‘rganish hamda xalqqa taqdim etish maqsadida barpo etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27 martdagi "Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qarorida Jizzax shahrida adibning memorial muzeyini tashkil etish va muzey hududini obodonlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
Sharof Rashidov uy muzeyi joylashgan hudud avval uning ota-onasi — Rashid ota va Qulsinoy ona Xalilovaga tegishli bo‘lgan va Jizzax shahrining chekka qismida joylashgan. Muzeyda namoyish etilayotgan eksponatlar Sharof Rashidovning bolalik davri, talabalik yillari, muharrirlik davri, O‘zbekistonda cho‘l va qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, qurilish jarayonidagi faol ishtiroki, ijtimoiy-siyosiy va adabiy faoliyati hamda boshqa mavzularga bag‘ishlangan o‘nta bo‘limga ajratilgan.
Sharof Rashidov nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda Jizzax shahrida joylashgan Sharof Rashidov yodgorlik memorial muzeyini modernizatsiya qilish hamda zamonaviy multimedia uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida muzey binosida rekonstruksiya va texnik yangilash ishlari olib borilishi munosabati bilan 2026 yil 19 yanvardan 31 avgustga qadar muzey tashrif buyuruvchilar uchun vaqtincha yopiladi.
Qayd etilishicha, loyiha ishlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi huzuridagi viloyat madaniy meros boshqarmasi nazorati ostida amalga oshiriladi. Belgilangan ishlar yakunlangach, muzey zamonaviy talablarga mos holatda o‘z faoliyatini qayta boshlaydi.
Madaniy meros agentligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, modernizatsiya ishlari yakunlanganidan so‘ng muzeyda interaktiv multimedia texnologiyalari joriy etilib, tashrif buyuruvchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi hamda yangi ekspozitsiyalar taqdim etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA