Xalqimizning suyukli farzandi, buyuk davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov 1917 yil 7 noyabr kuni Jizzax shahrida tavallud topgan. Bugun esa Jizzaxda uning nomi bilan atalgan xiyobon yurt muhabbati va xotira timsoli sifatida yangicha qiyofa kasb etmoqda.
O‘zbek xalqining ardoqli farzandi xotirasiga munosib ravishda bu yerda qayta rekonstruksiya ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. So‘nggi marta 2017 yilda katta bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Ayni paytda ushbu maskanda yana yangilanish ishlariga qo‘l urilmoqda.

Ayni vaqtda xiyobonda 25 nafar ishchi-xodimlar fidokorona mehnat qilayotganini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Ular yo‘lak qoplamalarini yangilash, gulzorlar yaratish, kuz-qish mavsumiga mos gullar ekish hamda daraxtlarni butash ishlarini amalga oshirishayapti. Bu harakatlar xiyobonning umumiy qiyofasini yanada ko‘rkam va tarovatli bo‘lishiga xizmat qiladi.
– O‘tgan to‘qqiz yil davomida xizmatini o‘tab bo‘lgan yo‘lak qoplamalari sifatli va ob-havo ta’sirlariga chidamli yangi materiallar bilan almashtirildi, – deydi Jizzax shahar hokimligi huzuridagi Bog‘lar va xiyobonlarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti rahbari Zarif Pardayev. – Jami 13 ming kvadrat metr maydonda, Sharof Rashidov haykali atrofi va xiyobon bo‘ylab barcha yo‘laklarga qalinligi 6 santimetr bo‘lgan oq-qora rangli qoplamalar yotqizildi. Shuningdek, –15 daraja sovuqqa chidamli, turli rangdagi 40 ming dona “viola” gullari ekildi.

Adib nomi bilan atalgan bu xiyobonda daraxt va butalarning 40 dan ortiq turi o‘smoqda. Ular safi doim yashil va ko‘rkam bruchina butasi bilan boyitildi. Barcha yoritish chiroqlari ta’mirlandi, kiparis archalari ilk bor butalib, shakl berildi. Bu bog‘ni nafaqat go‘zal, balki munazzam va nafosatli maskanga aylantirdi.
“Tozalik va ozodalik oyligi” tadbirlari ham faol davom etmoqda. Xiyobonda chiqindi qutisi va dam olish joylari ko‘paytirildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri