Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharof Rashidov tavalludining 105 yilligi Jizzaxda keng nishonlandi
10:56 / 2022-11-07

Kuni kecha o‘zbek xalqining buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi va taniqli yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 105 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi.

Shu munosabat bilan Jizzax shahridagi Sharof Rashidov haykali o‘rnatilgan xiyobonda tashkil etilgan tadbirda viloyat, shahar, tuman hokimliklari, Sharof Rashidovning farzand va yaqinlari, front orti mehnat faxriylari, viloyat boshqarmalari, tashkilotlari rahbarlari, harbiylar, oliy ta’lim muassasalarining talabalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev va boshqalar so‘zga chiqib, atoqli davlat arbobi va taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning mehnat faoliyati, ijodi haqida gapirib berdi.

– Davlatimiz rahbarining Jizzax shahrida Sharof Rashidov tavalludining 100 yillik tantanali marosimida so‘zlagan nutqidagi quyidagi so‘zlar xalqimizning dilidagi gaplar bo‘ldi: “Ko‘p millatli xalqimiz bu ulug‘ insonning aziz nomini yod etib, uning o‘lmas xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom bajo keltirmoqda. Sharof Rashidov o‘zining noyob aql-zakovati, boy bilim va tajribasi, mehnatsevarligi va kamtarligi, yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki uzoq-yaqin o‘lkalarda ham katta obro‘-e’tibor qozongan edi. Bu ulug‘ inson, sobiq mustabid tuzum davrida turli tazyiq va sinovlarga bardosh berib, xalqimiz va millatimizga sadoqat bilan, halol va fidokorona xizmat qildi. Umrining so‘nggi daqiqalarida ham dalaga borib, zahmatkash o‘zbek dehqonlari orasida bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz” deb aytib o‘tdi,. – dedi Jizzax viloyati hokimi o‘z nutqida.

Atoqli davlat arbobi va taniqli yozuvchi Sharof Rashidov Jizzaxda tavallud topib, oddiy xalq orasidan chiqqan, haqiqiy vatanparvar rahbar edi. U kishi bir umr o‘zi kabi sodda va kamtarin odamlarga yelkadosh bo‘lib, ularning dardu tashvishlari bilan yashadi. Ularga xizmat qilishni o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb bildi.

Rasmiy marosimdan so‘ng, Sharof Rashidov haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi va uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Gul qo‘yish marosimidan so‘ng o‘zbek xalqining buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi va taniqli yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 105 yilligi munosabati bilan viloyat hokimligi anjumanlar saroyida shoirning ijod namunalaridan tuzilgan konsert dasturi namoyish etildi.

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA