French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti...
15:10 / 2022-01-22

Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori xalqimizni, ziyolilarimiz, ko‘p ming sonli universitetimiz jamoasini to‘lqinlantirib yubordi.
Samarqand davlat universiteti o‘zining boy tarixi, butun dunyoda tan olingan ilmiy maktabi, mazkur dargohda o‘qigan, faoliyat ko‘rsatgan, jahonda e’tirof etilgan buyuk allomalari bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Ko‘hna dorilfununda tahsil olgan, ishlagan, zamonaviy oliy o‘quv dargohi tamal toshini qo‘yishda ishtirok etgan  Sharof Rashidov, Hamid Olimjon, Muso Mo‘minov, Ibrohim Mo‘minov, Vohid Abdullayev, Yorqin To‘raqulov, Akbar Otaxo‘jayev, Tolib Mo‘minov, Shavkat Alimov, Mavlon Jo‘raqulov, Botirxon Valixo‘jayev... nomi O‘zbekiston ta’limi taraqqiyoti, rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, ilm-fani, madaniyati, adabiyoti, ma’rifati, ma’naviyati tarixidan munosib o‘rin egallagan.
O‘zbek xalqining sevimli farzandi, davlat va jamoat arbobi, adib va ma’rifatparvar Sharof Rashidov 1937-1941 yillari Samarqand davlat universitetida ta’lim olgan. U bir umr SamDU da o‘qiganidan faxrlangan. Mamlakat miqyosida  birinchi rahbar lavozimida ishlashiga qaramasdan, hech qachon o‘zi tahsil olgan joyni unutmagan. Ushbu ulug‘ dargohdan mehri, muhabbati, e’tiborini ayamagan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning taklifi, tashabbusi bilan Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidovning nomi berilishi bu tarixiy adolatning qaror topishidir. Sharof Rashidov xalqimiz qalbidan munosib o‘rin olgan, eng og‘ir yillarda respublikamizni boshqargan buyuk shaxs. Uning nomi, xotirasi xalqimiz uchun behad aziz.
Universitetimiz olimlari, talabalari, butun jamoatchilik vakillari SamDUga Sharof Rashidov nomi berilishini cheksiz mamnuniyat bilan kutib oldi.
Prezident qarorida ko‘rsatib o‘tilgan - Samarqand davlat universiteti tarkibida ikki institut va bir filial - Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi hamda Muhandislik fizikasi institutlari hamda Urgut filiali ochilishi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotimizda muhim voqeadir.
Mazkur oliy o‘quv yurtida fizika, elektronika, nazariy va amaliy mexanika, biologiya, agrobiotexnologiya kabi sohalarda shakllangan va bugungi kunda ham samarali faoliyat olib borayotgan o‘nga yaqin ilmiy maktab negizida ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashga yo‘naltirilgan tuzilmalar tashkil etilishi ayni muddao.
SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti faoliyat boshlashi, nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda hamisha dolzarb hisoblangan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamdir.
Mazkur institutda o‘quv, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatiga yetakchi xorijiy universitetlarning ilg‘or agrar ta’lim texnologiyalari joriy qilinadi. Qolaversa, ta’lim tizimining to‘g‘ri tashkil etilishi va kelgusida barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida yetuk xorijiy mutaxassislar jalb etiladi, ularning doimiy faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Institut bugungi kun talabi, ehtiyojidan kelib chiqib mutaxassis tayyorlaydi, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga samarali tatbiq etadi. Shu nuqtai nazardan, ushbu institut mintaqamiz agrar soha salohiyatini yuzaga chiqarish va iqtisodiyotimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
Bugun dunyoning ko‘pgina mintaqalarida oziq-ovqat yetishmovchiligi mavdjud. Tinimsiz urush, iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofat, qurg‘oqchilik muammoni yanada chuqurlashtirmoqda. Aholi soni mutassil oshishi, odamlar ehtiyoji ortishi masala dolzarbligini yanada oshiradi. Institut ayni yo‘nalishda o‘z o‘rnini topishiga ishonaman.
SamDUning Muhandislik fizikasi instituti ham mamlakat taraqqiyoti va rivoji uchun suv-havoday zarur. Majmua muhandislik, avtomatika, mexatronika, robototexnika, raqamli elektronika, elektrotexnika, mashinasozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi sohalariga kadr tayyorlaydi.

Muhandislik sohasida mutlaqo yangi yo‘nalishlarda amaliy, ilmiy tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilishi orqali kichik biznes va sanoat uchun innovatsion mini texnologiyalar ishlab chiqish hamda natijadorlikni oshirish maqsadida teskari (aks) injeneriya tamoyili asosida ilmiy ishlanmalarni takomillashtirish bo‘yicha xorijiy ilg‘or tajriba amaliyotga joriy etiladi. 
Biror aniq fan yoki soha yo‘q-ki, fizikasiz rivojlana olsa. Samarqand davlat universiteti dunyo ilm-faniga buyuk fiziklarni yetkazib bergan. Ayni yo‘nalishdagi ilmiy maktabning yuqori mavqeini har doim saqlab kelgan SamDUning fizika fakultetini tamomlaganlar orasida akademiklar, davlat mukofoti sohiblari bisyor.
Hayot, fan bir joyda to‘xtab turmaganiday, sayyoramizda muhandislik fizikasi juda tez rivojlanib, taraqqiy etib boryapti. Xalq xo‘jaligining barcha sohalari rivoji fizika bilan chambarchas bog‘liqligini hisobga olsak, Muhandislik fizikasi instituti mamlakatimiz taraqqiyoti uchun juda muhim, zarurat ekani yaqqol anglashiladi.
Prezidentimizning oliy ta’limni xalqqa yanada yaqinlashtirish, millatni ma’rifatli qilish g‘oyasi diqqatga sazovor. Qisqa davr orasida, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari soni ikki barobar oshdi. Xususan, 2021 yil Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on shahri filiali tashkil etildi, oradan bir yil ham vaqt o‘tmasdan Urgut filialiga asos solindi.
Urgut tumani bugun mamlakatimizning iqtisodi jadallik bilan rivojlanib borayotgan mintaqasi hisoblanadi. Tarixiy voqea sifatida bu zaminda universitet filiali ochilishi ilm-ma’rifat va iqtisodiyotning uyg‘unlashuvi orqali taraqqiyotga xizmat qiladi.
Samarqand davlat universitetini kompleks rivojlantirish dasturi amalga oshirilishi, mazkur oliy o‘quv yurtining 2026 yilga qadar xalqaro e’tirof etilgan reyting tashkilotlari birinchi mingtalik ro‘yxatidan joy olishi uchun mas’ul bo‘lgan Transformatsiya ofisi tashkil etiladi. 
Yangi tuzilmaga faoliyatni raqamlashtirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, universitetni tanitish bo‘yicha milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, internet tarmog‘i va boshqa manbalar orqali targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish vazifasi ham yuklatilgan.
Universitet prorektori darajasiga tenglashtirilgan ushbu bo‘lim rahbari lavozimiga yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasasida rahbarlik tajribasiga ega mutaxassis jalb etiladi.  Bu universitetning akademik nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Samarqand davlat universitetining kengayishi, moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi, xalqaro aloqalari rivojlanishi, jahon ilm-fan va ta’lim tizimiga integratsiyalashuvi xalqimiz taqdirida g‘oyat muhim o‘rin tutishiga ishonaman. Aynan shu dargohda Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari kamolga yetadi, ta’lim-tarbiya oladi.
Bugun SamDU o‘zining ikkinchi umrini yashamoqda, dunyoga yuz ochmoqda. 160 dan ziyod hamkorimiz orasida dunyoning eng nufuzli universitetlari borligini alohida qayd etish o‘rinli.
Xalqaro miqyosda e’tirof etilgan, tan olingan 70 yaqin xorijlik olim universitetimizda faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular safida Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar ham borligi barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Aziz Sanjar 2021 yil “21 sentyabr - Samarqand davlat universiteti kuni”da ishtirok etib, O‘zbekistonda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.
Ilm-fanga alohida e’tibor qaratilishi, olimlarning e’zozlanishi tez orada samara berishi tayin. Ishonchimiz komil, ertaga institutlar universitetlarga aylanib, bir paytlardagidek, butun dunyodan ilm toliblari, allomai zamonlar Samarqandga, ushbu qutlug‘ dargohga intiladi. 
Bugun Yangi O‘zbekistonning poydevori ilm-ma’rifatdan bunyod etilmoqda. Demak, mustahkam imorat kelajak avlodlarga ham xizmat qiladi.
O‘tayotgan yillar tarix sahifasiga Samarqand davlat universitetining yangilanish, o‘zgarish, taraqqiy etish davri bo‘lib muhrlanadi.
Ilm asosiga qurilgan taraqqiyotni to‘xtatib bo‘lmaydi. Ilmga asoslangan rivojlanish bir tekis davom etadi. Xalq va davlat boy bo‘lishi mumkin, lekin tafakkuri qashshoq odamlar har qancha boylikni bir kunda yakson qilishiga tarix ko‘p bor guvoh bo‘lgan. Ilmsiz odam johil, buzg‘unchi, g‘azabkor, vayronkor bo‘ladi.

Bizning yo‘limiz - ma’rifat yo‘li.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’rifatli jamiyat barpo etmoqda. O‘zbekiston ma’rifat orqali butun dunyoga ezgulik, tinchlik, taraqqiyot ulashmoqda...

Rustam XOLMURODOV,
Sharof Rashidov nomidagi 
Samarqand davlat universiteti rektori, professor, 
Oliy Majlis Senati a’zosi.