Sharof Boshbekovning ukasi – jurnalist Farhod Normatov bilan suhbat
– Farhod aka, "Bekajon" gazetasida M. Nabiyeva bilan bo‘lgan suhbatda Sharof Boshbekovning hamma asarlarini yaxshi ko‘rib o‘qishingiz va ularning yaralish tarixini ham bilishingiz haqida aytgansiz. Sharof Boshbekov, avvalambor "Temir xotin" asari bilan elga tanilgan, desak yanglishmaymiz. Shu asarning yaralish tarixi haqida gapirib berolasizmi?
– Akamning bolaligi asosan Bulung‘urning G‘ubur qishlog‘ida o‘tgan. Biz qishloqqa ko‘p borardik. Borganda ro‘zg‘or ishlariga yordamlashar edik. Sharof akam tappi yopgan, tezak tergan, yantoq o‘rib, molxona tozalagan paytlari bo‘lgan. Chechalarimizning mashaqqatli hayoti miyasida muhrlanib qolgan. “Temir xotin”dagi Qumri obrazining prototipi aynan ana shu chechalarimiz. Qo‘chqor obrazi esa traktordan beri kelmaydigan Abdusamad amakimiz.
Sobiq Ittifoq tarqalishi arafasidagi yillar it egasini tanimaydigan davr bo‘ldi. “Temir xotin” ana shu yillarda paydo bo‘lib, odamlar qalbiga kirib bordi.
Mustaqillik yillari boshlangach “Temir xotin”ga taqiq qo‘yildi. Chunki unda ko‘tarilgan muammolar: paxta hukmronligi, ayollar va bolalar mehnatidan foydalanish davom etardi. Bu muammo Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lgandan keyingina adolatli yechim topdi.
Faqat bir narsaga hayronman, negadir “Temir xotin” haligacha eski, sifatsiz plyonkada olingan holatida namoyish etilmoqda. 20 yil oldin oq-qora plyonkada olingan kinolar ham tozalanib, rangli tasvirga o‘tkazildi, ammo 35 yil oldin olingan “Temir xotin”ni tozalashga hech kim jur’at qilolmayotganga o‘xshaydi.
– Sharof aka uzoq payt OAVlarda ko‘rinmadi, kitoblari nashr etilmadi. Uzunquloq gaplardan "qora ro‘yxat"ga tirkalgan deb eshitgan edik. Keyingi yillardagina shunday buyuk yozuvchining borligi haqida eslana boshlandi, yubileyini nishonlash haqida qaror chiqdi, mukofot berildi. Bu holni qanday izohlaysiz? Sharof Boshbekov "qora ro‘yxat"da bo‘lganmi yo shunchaki unutilganmidi? Sababini bilasizmi?
– Akam oila qurganidan so‘ng 10 yil ijarama-ijara sargardonlikda yashagan. O‘shanda oilasi, murg‘ak farzandlari bilan Toshkentning Shofayz degan mahallasida ijarada turardi. Hovli to‘rida to‘kilay deb turgan bir xona, bir dahliz. Vaqtinchalik deb qurilgan shekilli, dahlizda pol ham yo‘q edi. Yotoqxona ijodxona vazifasini ham bajarardi. Xonaning o‘rtasida eski xontaxta, atrofida ko‘rpachalar.
Kunduzi bolalarning to‘s-to‘poloni bilan o‘tar, kechasi ular uyquga ketgachgina ota ijodga o‘tirardi.
Men Sirdaryo viloyatida gazetada ishlardim. Oyda bir-ikki xabarlashib turardik. Esimda, 1979-yilda spektakli teatrda qo‘yilayotganini eshitib, kechga yaqin uylariga keldim. Uzoq suhbatlashdik. Akam devorga e’tiborimni jalb etdi. Bolalar devorga har xil qog‘ozlar ilib tashlashgan, ular orasida bir afisha turardi. Eni ikki yarim qarich, bo‘yi bir metrcha oddiy qog‘oz afisha. O‘rtasida “Tikansiz tipratikanlar” degan katta yozuv, Muqimiy teatrining nomi va teparog‘ida kichikroq harflar bilan “Sharof Boshbekov” asari deb yozilgan.
Akamning hayotidagi ilk afisha edi bu. O‘sha davrda qog‘oz afishalarning obro‘yi boshqacha bo‘lgan. Bag‘oyat xursand bo‘lib, tabrikladim. Qarasam, akamning ko‘zlaridan yosh oqayapti. Katta bo‘lganimizdan beri yig‘laganini ko‘rmagandim. Bu bir paytning o‘zida ham quvonch yoshlari, ham hayot qiyinchiliklarini yengib o‘tayotgan, iztirob chekkan qalbning nidosi edi. Ko‘nglim bo‘shab, tomog‘imga nimadir tiqildi...
...Matbuotdagi tanqidlar sababli akamning spektakli sal vaqt o‘tmay to‘xtatildi. “Sotsialistik realizm” g‘oyalari bilan miyasi zaharlangan ayrim adabiy tanqidchilarning ishi edi bu.
1983 yilda Sharof Rashidov vafot etgan mamlakatda “Sharof Rashidovshina” degan “harakat” boshlandi. Sharof Rashidovning ulug‘ nomini qoralash maqsadida uning shogirdiyu izdoshlari, deya shifokorlar ham quvg‘in qilindi. Bir guruh shoir va yozuvchilar, jumladan, Sharof Boshbekov ijodi respublika matbuotida keskin tanqidga uchradi. Asarlariga taqiq e’lon qilindi.
Akam adabiyotga kirib kelgandan buyon o‘tgan umrining 80 foizi “qora ro‘yxat”da o‘tdi, desam yanglishmagan bo‘laman. Bu ishlar, albatta, har qanday odamning ruhiyatiga ta’sir qiladi. Sharof akam bularga e’tibor bermaslikka harakat qildi, yozishda davom etdi.
O‘sha yillar Toshkentda “Ilhom” teatr-studiyasi tashkil etildi. Butunlay yangicha fikrlaydigan, sotsialistik realzimni tan olmaydigan teatr jamoasi Sharof Boshbekovning ikkita asarini rus tilida sahnalashtirdi. Va teatr-studiya ana shu asarlari bilan Moskva shahriga gostrolga bordi. Kommunistik mafkura moskvaliklarning ham joniga tekkan shekilli, O‘zbekistonda taqiqlangan bu asarlarni juda yaxshi qabul qilishdi. Adabiy tanqidchilik g‘oyat yuksak baho berdi. Yosh o‘zbek dramaturgini A.Chexov, V.Shekspir darajasiga ko‘tarishdi. “Pravda”, “Izvestiya”, “Komsomolskaya pravda”, “Kul’tura” kabi gazetalarda yuqoridagi kabi ofarin aytilgan maqolalar chop etildi.
Ana shundan keyingina Toshkentdagi markschilar sal hovurlaridan tushishdi.
– Mustaqillik davrida-chi, faqat “Temir xotin” spektakliga taqiq qo‘yilganmidi yoki...?
– “Uyga qaytib” degan ko‘rsatuv bo‘lardi televideniyeda. 2017 yilda shu ko‘rsatuvning bir soni Sharof Boshbekovga bag‘ishlanishi haqida aytishdi. Akam sog‘lig‘i yaxshi emasligi, uzoq masofaga chiqishga qiynalishiga qaramay, ko‘rsatuvning boshlovchisi Yulduz Fayziy tinch qo‘ymagan shekilli, qishloqqa boradigan bo‘libdi. “Ancha yaxshiman. Tayyorgarlikni ko‘rib tur. Nasib qilsa, 8 may kuni yo‘lga chiqamiz”, dedi.
7 may kuni soat 15:00 larda qo‘ng‘iroqlashdik. Telemuxbir bilan ertasi kuni ertalab soat 8:00 larda Sobir Rahimov metrosi yonida uchrashadigan bo‘ldik.
Oradan uch soatlar o‘tib akam qo‘ng‘iroq qildi. “Farhod, ko‘rsatuv qoldirilibdi, ular borishmas ekan. Haliyam “qora ro‘yxat”da bo‘lsam kerakda”, – dedi.
Bunaqa vaziyatlarga akam ko‘nikib qolgandi. Shunga qaramay, ovozidan kayfiyati buzilganini sezdim. Eslasangiz, o‘sha ko‘rsatuvda unib-o‘sgan qishlog‘iga borilar, sinfdoshlari bir joyga to‘planardi. Bulung‘urda akamning taqdir taqozosi bilan turli joylarga tarqab ketgan qirqqa yaqin sinfdoshlari yig‘ilayotgan, maktabda, qishloqda katta tayyorgarlik ko‘rilayotgan, hatto qo‘shni Respublikalardan ham odamlar ataylab shu ko‘rsatuv uchun kelayotgan edi.
Ana buni adibga berilgan ma’naviy zarba, ko‘krakka xanjar urish, desa bo‘lardi. Nimadir qilishim kerak edi. Yulduz Fayziyning raqamini topib telefon qildim. “Efirga bermasalaring ham mayli, lekin o‘zi boraman deb rozi bo‘lganda tasvirga olib qo‘yinglar”, – dedim. “Men ham shu gaplarni aytib rahbarlarga rosa yalindim. Rozi bo‘lishmadi. Qo‘limdan kelmadi, uzr...” Telefondan yig‘i tovushi keldi, Yulduz o‘ksib va xijolat tortib yig‘lardi...
Boshqa yo‘llarini qidirdik. “Nima xizmat bor?” deb yurgan tanishlar oraga tushishdi. “Iloji yo‘q!” degan javob keldi. Oxiri do‘stim Abdunabi Boyqo‘ziyevning yordami bilan tasvirga oladigan boshqa bir guruh topdim, xizmat haqini to‘lab, olib ketdik. Bulung‘urga safarimiz ko‘ngildagidek bo‘ldi. Hamma xursand. Hech kim hech narsa sezgani yo‘q. Professional tasvirga olindi.
Ammo... kunlar o‘tdi. Hamma ko‘rsatuvni kutayapti. Qo‘ng‘iroqlar qilishadi, so‘rashadi, tayinli javob aytolmaymiz. Qishloqdagi ukalarga rostini aytgan edim, gapni tarqatib yuborishibdi.
Sharof akam ham savollardan xunob bo‘lgan shekilli, feysbukdagi sahifasiga shunday yozuvni qo‘yibdi:
“Meni tabriklanglar, “qora ro‘yxat”ga kiritilibman".
Yana bir voqea: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” chiqibdi, topib kelgin”, deb qoldi akam. 11 dona topib, olib borib berdim. Oradan ikki oycha vaqt o‘tgach, “Ensiklopediyani ko‘rib chiqdim. O‘n yetti joyida mening asarlarimdan parchalar keltirishibdi. Lekin o‘zim yo‘qman”, – dedi. “Yaxshi-ku, siz bormagan joylarga asarlaringiz kirib boribdi-ku”, – dedim hazil aralash. Kayfiyati hazilga moyil emasdi. “Sababini shu ensiklopediyani tayyorlashda qatnashgan bir ijodkor yigitdan so‘ragandim, “xalq yozuvchisi” degan unvonim yo‘qligini ro‘kach qildi. Mamlakatning, adabiyotning taqdirini unvonlar hal qilar ekanda...”, dedi o‘ksib.
Sharof Boshbekovning bir aybi bor edi: maddohlikni, soxtakorlikni, mansabdorlarga “paxta qo‘yish”ni yomon ko‘rardi.
Lekin ko‘pchilik rahbarlar maqtovni yaxshi ko‘rar ekanda, ayniqsa, mashhur kishilar maqtovini...
– Ko‘rsatuvning qismati nima bo‘ldi? Taqiqlar bekor qilinganidan so‘ng efirga bermadingizmi?
– O‘tgan yili “Ma’naviyat” kanali Sharof akam haqida ko‘rsatuv tayyorlagandi, o‘shanda biz yozib olgan ko‘rsatuvdan parcha ham berishgan. To‘liq qismi hali hech qayerda e’lon qilingani yo‘q.
– Sharof akani ikki-uch marta ko‘rganman. Sog‘lig‘i yaxshi emasdi, kimdir suyamasa, mustaqil yura olmasdi. Gapirishga ham qiynalar edi... O‘sha ahvolida biror joyda ishlay olmasligi tabiiy. Asarlari nashr etilishi, sahnada qo‘yillishi, efirga uzatilishi taqiqlangan paytda qanday kun ko‘rgan?
– Ijodi eng avj olayotgan payt – 47 yoshida insult kasaliga uchradi. Gavdaning yarmi umuman ishlamadi, tildan ham qoldi. Uzoq davolanishga to‘g‘ri keldi. Oylar, yillar o‘tdi, yurishni, gapirishni chaqolaqlardek qayta o‘rgandi. Lekin asorati qoldi, to‘liq tuzalmadi.
Ikkinchi guruh nogironi edi. Davlat bergan nafaqaga kun ko‘rardi. O‘g‘li yo‘q edi, qizlari turmushga chiqib ketdi. “Shifo-info” gazetasini tashkil etganimdan so‘ng akamni bosh muharrir qilib qo‘ydim, oylik tayinladim. Shunday tortinchoq inson ediki, nimagadir zoriqib qolsa, hatto o‘z ukasiga ham botinib ayta olmasdi. Gazetaga bosh muharrir bo‘lganidan so‘ng ancha-muncha xizmatlarni ayta boshladi, ruhi tetiklashdi. Haftada bir marta ishga olib ketardim. Akam kelgan kunlari tahririyat xonalari ijodiy uchrashuv o‘tayotgan teatrga aylanib ketardi. Sharof Boshbekovni ko‘rish, suhbatini olish uchun ijodkorlar, san’atkorlar, shifokorlar va boshqa muxlislari to‘planishardi.
Shahar markazida odam gavjum, ko‘pqavatli uyning tepasiga tushib-chiqish akamga oson emasdi. Shahardagi uyini sotib, Do‘rmonning chetrog‘idagi Haydarobod degan mahalladan eski bir uyga ko‘chib o‘tdi. Bir qavatli pastak uy. Yerni ikki ketmon kovlasangiz, suv chiqadi. Uy cho‘kkan, yer bilan pol orasi bir qarichdan ham past, devorning bir qismi zaxlagan. Akamning oxirgi 15 yillik hayoti ana shu uyda o‘tdi.
Bir kuni hovlida suhbatlashib o‘tirgandik. Yon qo‘shnining uyi ikki qavatli, dang‘illama. Akam asli pul, moddiy boylik haqida gapirishni xushlamasdi. Gapdan gap chiqib, qo‘shnining uyi tomonga qarab: “Aslida men mana shunaqa uyda yashashim kerak edi. Yevropada bo‘lganimda, “Temir xotin” va “Charxpalak”ning o‘zi meni boqar edi”, dedi.
Akam boy emasdi. Ammo ma’naviy boyligi behisob edi. Uning tafakkuri, iste’dodi kamdan-kam odamga nasib etadigan noyob boylik edi.
– Men Sharof Boshbekovning feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasini kuzatib borardim. Ko‘pincha insult o‘tkazgan va bu kasallikning asorati bilan yashayotgan odamlarda aqliy faoliyatning ham susayishi kuzatiladi. Ammo necha yillab uyidan ko‘chaga chiqmagan kasalmand yozuvchining katta-katta ijtimoiy muammolarni xalqona uslubda, tesha tegmagan hazillar bilan yo‘g‘irib ifoda etishini ko‘rib, haqiqatda noyob iste’dod ekanidan nihoyatda hayratga tushganman. O‘tgan yili nashriyotda “Qabul qilinmagan asarlar” nomli kitobiga muharrirlik qilar ekanman, yangi asarlarini o‘qib, bu hayratim yanayam ortdi. Bolaligida ham bu yorqin iste’dodning belgilari namoyon bo‘lganmi? Umuman, buyuk yozuvchining bolaligi haqida gapirib bersangiz.
– Oilada yetti farzand o‘sganmiz – ikki qiz, besh o‘g‘il. O‘g‘illarning kattasi Sharof akam edi. Men ikkinchisi, ulardan to‘rt yosh kichkinaman. O‘rtamizda Baxtiyor ismli akam bo‘lib, bolaligida kasallikdan vafot etgan. Sharof akam otamizdan keyin otadek bo‘lib qolgan, har jihatdan biz suyanadigan, nasihat va maslahat oladigan ishonchli inson edi. Biz ukalarga har doim, har jihatdan o‘rnak bo‘lgan. Bundaylar haqida Allohning nazari tushgan deb qo‘yishadi xalqimizda. Akamning hayotida ota-bobolar duosi katta ahamiyatga ega bo‘lgan, deb o‘ylayman.
Bulung‘urlik mashhur baxshi shoir — Fozil Yo‘ldosh otamiz bilan aka-ukadek qadrdon bo‘lishgan. 1951 yilning 4 yanvar kuni Fozil Yo‘ldosh xonadoniga Toshkentdan mehmon kelishini eshitgan otam xizmatga bel bog‘laydi. Samarqandga kelayotgan taniqli yozuvchi va davlat arbobi Sharof Rashidov o‘sha kezlarda O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining raisi lavozimida ishlagan.
O‘sha kuni kechga yaqin quvonchli xabar keladi: “Boshbek o‘g‘illi bo‘pti!”. Tabiiyki, bu xushxabar mezbonu mehmonlar qulog‘iga ham yetadi, hammaning kayfiyati ko‘tariladi. Donishmand Fozil Yo‘ldosh mehmonga qarab: “Sharofjon, shu o‘g‘longa sizning ismingizni qo‘ysak. Sizga o‘xshab martabasi baland yozuvchi bo‘lib yursin”, deydi. Sharof Rashidov samimiyat bilan rozilik bildiradi. Ikki buyuk adib chaqaloqqa ism berib, chin dildan duo qilishadi.
Ertasi kuni otam qishloqqa kelib, Normat bobomiz, ya’ni otasiga bo‘lgan voqeani so‘zlab beradi. Biroq Normat bobomizga bu ism ma’qul bo‘lmaydi. Balki bobomga “Sharof” ismi “Sharob” bo‘lib eshitilgandir. Shunday qilib, katta otamiz: “Oti Nurilla bo‘ladi, yurgan yo‘li nurli bo‘lsin”, deb duo qilgan.
Biz katta bo‘lgunimizcha, akamiz Sharof Boshbekov bo‘lib tanilgunicha Nurilla aka deb chaqirganmiz. Yoshi katta qarindoshlarimiz hanuzgacha Nurilla deb bilishadi. Otam o‘shanda tug‘ilganlik guvohnomasiga “Sharof” deb yozdirib qo‘yganlarini katta bo‘lib bilganmiz.
Sharof akam 9 yoshida shanba kuni darsdan chiqib, tuman markazidan qishloqqa kelayotganida g‘alati hodisa sodir bo‘lgan. U bu voqeani shunday hikoya qilgandi: “Bulung‘ur arig‘i ko‘prigidan o‘tgan paytda yonimda eshak mingan oppoq soqolli chol paydo bo‘ldi. Hamma yoq jim-jit, shom payti, quyosh endi botayotgandi. Qariyaga salom bersam, alik oldi. Ozroq gaplashdik. Shunda haligi chol: “Bolam, nimani niyat qilayapsan?” deb so‘radi. “Men gapiraversam, odamlar eshitaversa, ichim to‘lib kelayapti. Shuni orzu qilaman”, dedim. Bobo: “Niyatingga yet, bolam”, deya duo qildi. Keyin pastdan tepalikka chiqayotib, chor atrofga mahliyo bo‘lib qolibman. Shu orada yonimdagi eshak mingan qariya yo‘q. Biron odamning bir zumda ko‘zdan yo‘qolishi mumkin emasdi. Atrof to‘siq, jarlik. Pastga tushsa ham, yuqoriga chiqsa ham ko‘rishim kerak edi. Shu odam Hizr buva bo‘lsa kerak. Essiz, ko‘p gaplasha olmadim”.
9 yoshli bolaning niyatini va duolarning kuchini qarangki, Sharof akam mahoratli yozuvchi va dramaturg bo‘lib elga tanildi. Uning “Men gapiraversam, odamlar eshitaversa!” degan orzusi ham amalga oshdi. Yozganlarini teatr sahnalarida, kinolarda jonlantirishdi. Ming-minglab odamlar uning gapini eshitishayapti.
Ha, akam bolalikdan g‘oyatda is’tedodli edi. Qaysi sohaga kirishsa, ishlari yurishib ketaverardi. Texnikani yaxshi tushunardi. O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlari daladagi har xil traktorlarni haydardi. Gusenitsali traktorda kechasi bilan yer ag‘darar, uch oyoqli, kuzovi teskari traktorlarni mazza qilib minardi. “Poyezd va samolyotdan boshqa hamma texnikani haydadim”, der edi talabalikda.
Sport, ilmiy sohalarda ham yaxshi natijalari bor edi. Har qanday musiqa asbobini professional darajada chalardi. Musiqa, drama fakultetini tugatgan emasmi, bolaligidan shirali ovozi bor edi. Tadbirkorlikka kirishsa, milliarder bo‘lishi aniq edi. Chunki fikrlari, qobiliyati shu qadar teran ediki, har qanday ishni gurillatib yuborish qo‘lidan kelardi.
Lekin... avval aktyorlikni tanlab, keyin yozuvchilikka o‘tib ketdi. O‘zining butun borlig‘ini, hayotini, ijodini adabiyotga bag‘ishladi. Asarlari millionlab odamlar qalbiga kirib bordi. Ularni ezgulikka, yaxshilikka chorlardi. O‘zbek ababiyotini dunyoga tanitishga hissa qo‘shdi.
Ammo adabiyot Sharfo Boshbekovga nima berdi? Tarozining pallasiga qo‘yilsa, adabiyot qarz bo‘lib qolmadimikan?
Kemtik aqlim javob izlaydiyu, ovunch topolmaydi. Tarixdan sado eshitiladi: “Haqiqqiy iste’dodlar azaldan qiynalib yashashgan...”. Nahotki bundan keyin ham shunday bo‘lsa...
– Yubileylar, taqdimotlar o‘tkazganini hech eshitmaganmiz...
– Sharof Boshbekov umrida biror marta yubiley o‘tkazmagan. Tug‘ilgan kunlarni ham tantana qilmagan. Xohlamasdi, har safar ko‘ndirishga harakat qilardimu, eplay olmasdim. “Hech bo‘lmaganda adabiy uchrashuv qilaylik, aktyorlar asarlaringizdan sahna ko‘rinishlari ijro etishadi, ajoyib tadbir bo‘ladi”, desam ham rozi bo‘lmasdi. Bu borada fikri metin edi. “E, qo‘ysangchi, yubiley bu maqtovlar tadbiri, qancha odamlar yig‘iladi, ovorayu sarson bo‘ladi, hammasi seni maqtashga majbur. Kimdir chin dildan maqtasa, kimdir zo‘raki maqtaydi. Nima kerak bunaqa soxtakorlik?” derdi.
Soxta, sun’iy muomalani darrov sezardi, ko‘ngli og‘rib qolardi. Samimiyatni, ochiqko‘ngillikni, yumorni xush ko‘rardi. Tug‘ilgan kunlarga hech kim ataylab aytilmasdi. Lekin farzandlari, nevaralari, singilu ukalari, ko‘ngli pok do‘stlari, eng yaqin insonlari to‘planardik.
Bulung‘urdan jiyanlar, amakilar, Gulistondan oqko‘ngil Tugal aka, rahmatli Rustam Jo‘libekovlar kelardi.
Kelinoyimiz Sharof akam yaxshi ko‘radigan baliqni qoyilmaqom qilib tayyorlasa, Behzod kuyovi kabobni boplardi. Samimiy, xushchaqchaq suhbatlar bo‘lardi. Bunaqa davrada Sharof akam maktabda 5 baho olgan yosh boladek yayrab ketardi.
Sharof Boshbekov vafot etganda butun O‘zbekiston, hatto chet ellarda ham millionlab odamlar motam tutdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yashagan hovlisi va Chig‘atoy qabristoni muxlislarga to‘lib ketdi.
Internet deganlari portladi. Yurakdan yozilgan fikr-mulohazalarning son-sanog‘i yo‘q edi. Ko‘zimda yosh bilan yozayapman, deganlari ham ko‘p edi. Yodimda qolganlaridan bittasini keltiraman. Qashqadaryodan bir o‘qituvchi ayol yozibdi: “O‘zbekning ko‘rsa bo‘ladigan kinolarining yarmini Sharof Boshbekov yozgan ekan-ku!”
Bu haqqoniy baho edi.
– Sharof Boshbekovga inson sifatida qanday baho bergan bo‘lardingiz?
– Akam hayotda hech kimning xayoliga kelmagan boshqa tomondan, zamonaviy aytganda, boshqa rakursdan qarardi. Har bir voqea-hodisa boshqalarning xayoliga kelmagan xulosani, hikmatni ko‘ra olardi.
Inson sifatida g‘oyat kamtar edi, odamlarga katta hurmat-e’tibor bilan qarardi. Katta gapirish, kibr, mensimaslik butunlay yot edi. Kimdandir nimadir so‘rash, iltimos qilish u uchun o‘lim bilan barobar edi. Qarz bo‘lishni fojea deb qarardi. Buniyam o‘z sabablari bor, albatta.
Institutning oxirgi kursida o‘qiyotganida uylangan. O‘sha paytlar Muqimiy teatrida yarim stavka ishlagan. Oylik maosh 60 so‘m atrofida, stipendiya esa 40 so‘m. Ijarada yashagan. Xotini homilador paytida puldan qiynalib qolishgan. Shunda hamkasblardan kimdir «Kasaba uyushmasiga ariza yozsang, yordam qiladi», deb maslahat beribdi. Aytganidek, ariza yozibdi. 30 so‘m ajratishibdi. Eng qizig‘i keyin boshlangan. Kasaba uyushmasining har yig‘ilishida “Mana, biz Sharof Boshbekovga 30 so‘m moddiy yordam ko‘rsatdik”, deb qayta-qayta aytaverishgan. Bu gaplar yillar davomida takrorlanaverib shu qadar zada qilganki, yordam so‘raganiga ming pushaymon bo‘lgan.
Shundan keyin biror idoraga borib murojaat qilishni to‘xtatgan. Hatto farzandlari tug‘ilganida suyunchi pullarini ham so‘ramagan. Yangamiz olganini olgan, olmagani qolib ketavergan.
“Temir xotin” o‘z vaqtida 20 dan ortiq davlatlarning teatrlarida qo‘yilgan. Polsha, Vengriya, Xitoy va boshqa davlatlardan qalam haqi kelgan. Xabarnomalarni olib banklarga murojaat qilsa, “Konvertatsiya yo‘q, keyinroq keling”, degan byurokratik javoblar olgan. Banklarga ham bormay qo‘ygan. Qalam haqlarining nima bo‘lgani noma’lum, ehtimol, qaytib ketgandir.
– Akangizga g‘amxo‘r bo‘lganingizdan ozmi-ko‘pmi xabardormiz. Uka sifatida yoki muxlis sifatida u bilan bog‘liq armoningiz bormi?
– Yosh ulg‘aygan sari hayotiy tajriba, bilim oshadi. “Shu aqlim ilgariroq bo‘lganda, falon ishni boshqacha qilgan bo‘lardim” qabilidagi fikrlarni ko‘p eshitganmiz. Akam uchun bir uka qilishi lozim bo‘lgan ishni ortig‘i bilan qildim, desam vijdonim qarshi chiqmas. Hurmatini qildim va xizmatlarini qadrlab keldim. Bu borada armonim yo‘q. Faqat umrining oxirida e’tiborni yanada kuchaytirishim kerakmidi, deb o‘ylab qolaman.
Sharof Boshbekovning asarlari yozgan vaqtidayoq, siyohi qurimasdan tarqab ketaverar edi. Teatrlarga, kinoga, gazeta-jurnallarga... Ayniqsa, kompyuter rivojlanmasdan oldin, mashinkada yozilgan asarlarining ayrimlari o‘zida ham qolmagan edi. Bu haqda o‘zi ham gapirib qolardi, uch yil oldin aka-uka bir narsaga kelishdik: “Hamma yozganlaringizni o‘zingiz yig‘ing, chunki bu ishni sizdan boshqa hech kim qilolmaydi. Men kitob qilib chiqaraman”, dedim. Rozi bo‘ldi. Vafotidan to‘rt oylar oldin sakkizinchi jildni boshlaganini aytgandi. Oxiriga yetkazdimi-yo‘qmi, bilmaymiz, faylni izlayapmiz hozir. Mabodo topilmagan taqdirda ham, manba bor, oxiriga yetkazamiz.
Umrining oxirgi yillarida matbuotda, televideniye va internetda ko‘p faol chiqishlar qildi. Ularni to‘plab, matn holiga keltirsak, to‘qqizinchi jild ham tayyor bo‘ladi.
O‘ninchi jildni xotira kitobi qilmoqchimiz. Bilasizmi, ko‘p xotira kitoblarda menga ma’qul bo‘lmagan bir jihat bor: xotira yozayotgan odam o‘zini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Yod etilayotgan odam ikkinchi darajaga tushib qoladi.
Sharof Boshbekov haqidagi xotira kitobi Sharof Boshbekovning uslubida bo‘lishini xohlardim.
Xullas, 10 jildlik to‘plam chiqarishni niyat qilganmiz. Faqat mablag‘ masalasi muammo bo‘lib turibdi.
Bir narsa ko‘nglimga taskin beradi: yurtboshimiz sharofati bilan akam umrining oxirida ozroq kun ko‘rdi. Hayotida ilk bor Yozuvchilar uyushmasidan 23 million so‘m mukofot oldi. Mustaqillikning 30 yilligi esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Jurnalistlar uyushmasi holidan xabar olib turdi, nogironlik aravachasi sovg‘a qildi. Endigina ko‘kragiga shamol tekkananida, umr vafo qilmadi...
OYDINNISO suhbatlashdi,
O‘zA