Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharlotta Adrian: Qoraqalpog‘istonda ijodkorlik va innovatsiyalar uchun ko‘plab imkoniyatlarni ko‘ryapman
15:20 / 2022-06-13

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil sentyabr oyida BMTda so‘zlagan nutqida Orol dengizining qurishi natijasida Orol bo‘yi hududi “ekologik fojia epitsentriga” aylanganini ta’kidlab o‘tgan edi.

 Bu muammoni birgalikda, butun jahon e’tiborini qaratgan holda hal etishga chaqirgan edi. 

Jumladan, ikki million gektar maydonda yangi landshaft, o‘rmonlar va tuproq qoplamini shakllantirish Orol fojiasini yumshatishga yordam beradi. O‘zbekiston Prezidentining ushbu taklifi BMT Bosh Assambleyasida bir ovozda ma’qullandi va rezolyutsiya imzolandi. Shu orqali Orolbo‘yi hududi “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” deb e’lon qilindi.  

2020 yilda O‘zbekiston hukumati va moliyaviy hamjamiyat, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, xalqaro donorlarning ko‘psheriklik moliyaviy va rivojlanish vositasi bo‘lgan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondi O‘zbekistonda odamlarga e’tibor qaratgan xolda ekologik fojia oqibatlarini bartaraf etish uchun o‘z faoliyatini kengaytirdi. 

Mazkur xayrli loyihalarga O‘zbekiston hukumati, Finlyandiya, Koreya Respublikasi va Yevropa Ittifoqi tomonidan maqsadli jamg‘armaga jami 9 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratildi.  

Quvonarlisi, joriy yil aprel oyida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi noodatiy tashabbus bilan chiqdi. Ya’ni, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar diplomatik vakolatxonalari va O‘zbekiston davlat muassasalari rahbarlarini aholi, xalqaro hamjamiyat Orol dengizi halokati, bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar va kelajakdagi investitsiyalar istiqbollari haqida xabardorligini oshirish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasiga ma’rifiy safarga taklif qildi.  

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrianning so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonga kelish, Nukus va Mo‘ynoq, yana chekka shahar va aholi punktlari o‘rtasida sayohat qilish, hudud qanday o‘zgarayotgani, yashil maydonlar tobora ko‘payib borayotganini ko‘rish doim qiziq. 

Yevropa Ittifoqi va uning alohida a’zo davlatlari Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish uchun katta miqdorda mablag‘ ajratmoqda. Bu safardan maqsad Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga, shuningdek, O‘zbekistondagi hamkorlarimizga mintaqada aynan, qanday ishlar yuritayotganimizni, mablag‘larni nimaga sarf qilayotganimizni ko‘rsatish edi.  

Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, “yashil” tiklanish – bularning barchasi biz uchun Yevropa Ittifoqi doirasida ham, O‘zbekistonda ham ustuvor vazifadir. Bu yerda ijodkorlik va innovatsiyalar uchun juda ko‘p imkoniyatlar ko‘ryapman. Bunga ochiq bo‘lishimiz barchamiz uchun muhim va Yevropa Ittifoqi bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlash, tajriba va yangi texnologiyalarni almashishga tayyor. 

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bunday ma’rifiy sayohatni tashkil qilganidan juda mamnunman, – deydi O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov. – Taxtako‘pir innovatsiyalarimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri. Bu yerda suv, transport, aloqa yo‘q edi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Trast fondi tufayli biz irrigatsiya tizimini tiklashga muvaffaq bo‘ldik. Biz mahalliy aholi turmushini yaxshilashni, munosib kelajakka poydevor qo‘ymoqchimiz. O‘zbekiston ilg‘or tajribalarni qo‘llash va mahalliy aholi turmush sifatini yaxshilash uchun yanada ko‘proq hamkorlar va sarmoyalarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Orol  dengizining qurishi oqibatlarini bir tomonlama hal qilib bo‘lmaydi.  

Xalqaro hamkorlik va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish juda muhim. Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirishda faol ishtirok etayotgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. 

2019-2021 yillarda Trast fond donorlar ham jamiyati tomonidan moliyalashtirilgan qo‘shma dasturni amalga oshirish davomida Taxtako‘pir tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.  

Xususan, tumandagi 5 ta mahalla fuqarolar yig‘inini rivojlantirish rejalari ishlab chiqildi. 3 ming 491 nafar qishloq aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Taxtako‘pir davlat o‘rmon xo‘jaligiga katta texnik yordam ko‘rsatildi. Bu Orol dengizining qurigan tubidagi 3000 gektardan ortiq maydonga saksovul ekish va 49 gektar yerda hamda 58 gektar yaylovlarda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik ko‘chatlari yetishtirish uchun ko‘chatxonalar tashkil etish imkonini berdi. 

Qolaversa, hududdagi 3 ta perinatal markaz ta’mirlandi. Qishloq aholisining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini oshirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyatda 13 ta biznes loyihasi amalga oshirildi.  

Sutni qayta ishlash sexi, non mahsulotlari ishlab chiqarish, ustaxona, shirinliklar, parrandachilikni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish natijasida 40 ga yaqin ish o‘rni yaratildi.  

Bundan tashqari, Orol dengizining qurigan tubida 2 ta ilmiy ekspeditsiya o‘tkazilib, ular davomida qurigan tubiga ekish uchun 30 dan ortiq o‘simlik turlari aniqlandi.  

Bir so‘z bilan aytganda, Trast fond donorlar hamjamiyati global Orol fojiasidan jabr ko‘rgan aholining ekologik, iqtisodiy, oziq-ovqat va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlashda birgalikda harakat qilib, bu fojiani yumshatishda barchani faol bo‘lishga chaqiradi.  

Chunki, Orol dengizi tufayli yuzaga kelayotgan iqlim o‘zgarishlari butun insoniyat, ona zamin taqdiriga daxldor masaladir.  

Go‘zal Sattorova, O‘zA