Sharja xalqaro hikoyachilar forumida (SHXHF) mutaxassislar global isishni kamaytirish zarurligini alohida ta’kidlashdi.
So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi ekotizimning barcha segmentlariga ta’sir qilyapti. Bu borada okean va dengizlar global isishning epitsentri bo‘lib qolmoqda. «Dengiz ertaklari» nomi ostida o‘tayotgan 22-Sharja xalqaro hikoyachilar forumida butun dunyo bo‘ylab hikoyachilar bir maqsad ostida birlashib, suv havzalarini haroratning ko‘tarilishidan saqlab qolish zarurligini ta’kidlashdi.
Birlashgan millatlar tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, inson qo‘li bilan yaratilgan issiqxona gazlaridan hosil bo‘lgan ortiqcha issiqlik va energiyani okeanlar o‘zlashtirib olishi natijasida ular sathi ko‘tarilib bormoqda
Dengiz biologik xilma-xilligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan ushbu evrilishlar qirg‘oq bo‘yidagi odamlarning hayoti va daromadlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 680 millionga yaqin inson qirg‘oqbo‘yi hududlarida istiqomat qiladi. Dunyodagi megapolislarning yarmida yashaydigan deyarli 2 milliard odam qirg‘oqbo‘yi hududlariga yaqin, dunyo aholisining deyarli yarmi (3,3 milliard)ning hayoti oqsilga boy baliq mahsulotiga bog‘liq. Dunyo bo‘yicha taxminan 60 million kishi baliqchilik sohasida ishlaydi.
«Iqlim o‘zgarishi butun dunyoning muammosidir. Haroratning oshishi okean va dengiz ekotizimiga qanday ta’sir qilayotganini ko‘rish juda og‘riqli. Issiq suvlar marjon mo‘’tadilligiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Bu esa o‘z navbatida dengiz hayvonlarini sovuq suv izlab shimolga ko‘chishga majbur qiladi. Bu jarayon baliqchilikka tayanadigan aholiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu ta’sirlarni inobatga olgan Sharja Atrof-muhit va tabiiy hududlarni muhofaza qilish boshqarmasi dengiz hayotining barqaror rivojlanishiga erishish, biologik qoplam va biologik xilma-xillikni oshirish, shuningdek, mintaqadagi dengiz hayotini qayta tiklashga qaratilgan marjon riflarini yetishtirish loyihasini amalga oshirishni boshladi. Sharja xalqaro hikoyachilar forumidagi hikoyalarimiz va faoliyatimiz orqali biz bolalarni ham o‘z harakatlarini nazorat qilishga va global isish oqibatlarini kamaytirishga undaymiz», dedi Boshqarma ilmiy tadqiqotchisi Alaa Salim.
Dengiz sathi hatto ozgina ko‘tarilishi ham qirg‘oqlardagi yashash joylariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu zararli eroziyaga, past tekisliklarning botqoqlanishiga, tuproqning tuz bilan ifloslanishiga va baliq, qushlar hamda o‘simliklarning yashash joyini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin.
«Ushbu forumda ishtirok etganimdan juda xursandman. Bu global isishning salbiy oqibatlari haqida hikoyalar aytib berish uchun mukammal platformadir. Men o‘zimning kulgili hikoyalarim orqali bolalarni nafaqat uglerod chiqindilarini cheklab qo‘yadigan, balki ularga va ularning kelajak avlodlariga toza va sog‘lom hayot kechirishga yordam beradigan chora-tadbirlarni qaror toptirishga qo‘limdan kelgancha harakat qilaman», deydi YUNESKOning «Sharjadagi eng yaxshi xalqaro hikoyachi» mukofoti (2021) laureati, senegallik Zumba Kov.
Iqlim o‘zgarishining dengiz va okeanlarga ta’siri tashvishli albatta. Sharja xalqaro hikoyachilar forumi bu yil o‘zining «Dengiz ertaklari» nomi ostida o‘tayotgan 22-Sharja xalqaro hikoyachilar forumi bilan global isishda ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan harakatlantiruvchi kuch bo‘la oldi.
Sh. Otaboyev, N. Abduvoitov (foto), O‘zA
Sharja shahri, BAA