Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharja Xalqaro hikoyachilar forumi arab xalqlarining boy tarixini dunyoga namoyon etadi (+video)
19:12 / 2022-10-13

Yaqinda Birlashgan Arab amirligining Sharja shahrida 22-Xalqaro hikoyachilar forumi bo‘lib o‘tdi.

2000 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur forum har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan bo‘lib, unda arab rivoyatchilari, OAV va tarixshunoslar qatnashadi.

Bu yil forumda 46 davlatdan 160 nafar ishtirokchi qatnashayotgani bu tadbirning dunyodagi nufuzi yanada ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Forumda O‘zbekiston Milliy axborot agentligining ijodiy xodimlari ham qatnashdi.

Sharja Ekspo markazida 3 kun mobaynida o‘tkazilgan forum yuqori saviyada tashkil etildi. Sharja markaziy televideniye va radiolari ham ekspo markaz pavilonlariga o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatuvlar olib bordi.

Butun dunyodan yig‘ilgan hikoyachilar o‘zlarining qiziqarli ertaklarini ingliz va arab tillarida o‘ziga xos hissiyot bilan so‘zlab berishdi. Forumda aytilayotgan hikoya va ertaklar asosan dengiz atrofida yashovchi xalqlar tillaridan og‘zaki o‘tib kelgan hikoyalardir. Hikoyalarda mardlik va jasorat tuyg‘ulari tarannum etiladi.

Sharja amirining shaxsan tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan an’anaviy Xalqaro hikoyachilar forumining asosiy maqsadi – qadimiy qadriyatlarni kelajak avlodga yetkazish, ajdodlarining qadimiy udumlarini dunyoga namoyish etishdan iboratdir.

Xorijiy mehmonlar uchun ham tushunarli bo‘lishi uchun har bir chiqishlar alohida sahnalashtirilgan. Dengizchilar tili bilan aytilayotgan tarixiy kuy-qo‘shiqlar ham arab xalqlarining o‘tmishidan so‘zlab turgandek.

Ajdodlarining hayotiga mazmun bag‘ishlab kelgan ertak va hikoyalarni o‘rganish, qayta tiklashdek savobli ishlarga Birlashgan Arab Amirligida hukumat darajasida e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovordir albatta.

2000 yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan an’anaviy forumda asosan nomoddiy merosni asrab-avaylab kelayotgan hikoya aytuvchilarga e’tibor qaratildi. Asosan dengiz bilan bog‘liq bo‘lgan ertaklari bilan yer sharining barcha qit’asidan hikoyachilar, jumladan, ko‘hna qit’a – Yevropa hikoyachilari ham qiziqarli ertak va hikoyalari bilan qatnashdi.

Forumda tarixchi olimlar ham qatnashib, arab xalqlarining hayotida katta ahamiyat kasb etadigan nomoddiy meros bo‘lmish hikoya va ertaklarning paydo bo‘lish jarayonlarini faktlar bilan ilmiy asoslab berishdi.

Xalqaro hikoyachilar o‘zimizning baxshilarimizga o‘xshab ketadi. Baxshi ham mazmun-mohiyatiga ko‘ra terma, qo‘shiq va dostonlarni saqlovchi, yoddan kuylovchi, aytuvchi, avloddan-avlodga yetkazuvchi san’atkordir.

Ajdodlarimiz turmush-tarzi, jasurligini madh etuvchi dostonlarni asrab-avaylab kelayotgan baxshilarimizga bugun hukumat darajasida qaralmoqda. Hattoki, «Xalq baxshisi» unvoni ham joriy etilgan. Baxshichilik san’ati 2021 yilda YUNESKO Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga ham kiritildi.

«Dengiz ertaklari» nomi ostida 22-Xalqaro hikoyachilar forumining ochilishida so‘zga chiqqan Sharja Merosi instituti (SHMI) raisi, doktor Abdulaziz al-Musalam Sharja xalqaro hikoyachilar forumi (SHXHF) Jahon Madaniyati va merosi ro‘yxatiga kiritilganini ma’lum qildi.

«Ming yillardan buyon tildan-tilga o‘tib kelayotgan adabiy og‘zaki hikoyalar BAA, Fors ko‘rfazi, arab va jahon nomoddiy merosining xazinalari sanalib, ular Sharja xalqaro hikoyachilari forumi misolida shaxsan Sharja hukmdori shayx doktor Sulton bin Muhammad al-Qosimiy tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda», dedi doktor Abdulaziz al-Musalam.

22-Xalqaro hikoyachilar forumining yakunida forumni tashviqot etishda munosib ishtirok etgan bir qancha mahalliy va xorijiy hikoyachilar bilan birga Ommaviy axborot vositalari vakillari ham taqdirlandi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ham munosib targ‘iboti uchun Sharja Merosi instituti tomonidan maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/LXS3xpN0jw0" title="Sharja Xalqaro hikoyachilar forumi – Arab xalqlarining boy tarixini dunyoga namoyon etish" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Sh.Otaboyev N.Abduvoitov (video), O‘zA