Oila – jamiyatning tayanchi, muqaddas qo‘rg‘oni. Uning poydevori esa nikoh bilan mustahkamlanadi.
Xovos tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar – K. Norqulov va M. Mamatqulova 24 yildan buyon shar’iy nikoh asosida birgalikda hayot kechirib kelayotgan edi. Biroq rasmiy nikoh qayd etilmagani sababli oila a’zolari ko‘plab huquqiy muammolarga duch kelgan, davlat idoralari o‘rtasida sarson bo‘lgan kunlari ham bo‘lgan.
“Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” umumrespublika aksiyasi doirasida Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi xodimlari ushbu muammoni atroflicha o‘rganib chiqishdi. Tekshiruv jarayonida nikohni qonuniylashtirishga xalaqit qiladigan hech qanday huquqiy to‘siqlar mavjud emasligi aniqlandi va shu asosda Kamol Norqulov hamda Malika Mamatqulovaning 24 yillik shar’iy nikohi rasman davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
– Bu kabi masala 25 yilga yaqin vaqt davomida qalbimizni og‘ritib kelayotgan edi, – deydi Kamol Norqulov. – Har safar rasmiy hujjat talab qilinganda turli idoralarga murojaat qilishga to‘g‘ri kelardi. Endi esa oilamiz to‘liq huquqiy asosda ro‘yxatdan o‘tdi. Buni biz uchun yangi hayot boshlanishi deb qabul qilyapmiz. Bunday yechim va yordam uchun davlatimizdan minnatdorman.
Bu holat inson huquqlarini ta’minlash, oila institutini muhofaza qilish va aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning samarasi sifatida e’tirof etiladi. Ayni paytda bunday tashabbuslar nafaqat huquqiy muammolarni hal etish, balki inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri