O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Atoqli shoira Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” nomli she’riy romani yigirmanchi asrning 30 yillaridagi beshafqat qatag‘an girdoblarida uvol ketgan jadid ayollarimiz haqida. Muallif asarda hur fikrli millatdoshlarimizning achchiq qismati, bo‘g‘zida qotgan unsiz faryodi, mislsiz azob-uqubatlari va ularning sinmagan irodasini badiiy bo‘yoqlarda aks ettiradi. Asar kitobxonni hushyor torttirib, yaqin o‘tmishdagi og‘riqli kunlar sari yetaklaydi. Beixtiyor qatag‘on zamoni bilan istiqlolimizning bugungi ozod, hur davrini taqqoslay boshlaysiz. Inson umri, tiriklik qadri bebaholigini his qalasiz.
Muallif ushbu kitobida o‘sib kelayotgan kelajak avlod ko‘z o‘ngida zulm zanjirlarini parchalab tashlagan Vatan siymosini nihoyatda jonli tarzda gavdalantiradi. Kitobdan bir lavha:
– Ota, otajonim, tushim rost chiqdi,
Temir imoratlar quladi yomon.
Siz bilgan jamalak sochli qizaloq,
Endi oshiqadi o‘limi tomon.
Men rozi bo‘ling, juda tez kunda,
Alloh huzuriga yo‘l olaman jim.
Maktub yozolmadim (baribir yetmas)
Majaqlab tashlangan o‘nta barmog‘im.
Iflos hujjatlarga qo‘ymadim imzo,
Sizning oldingizda mening yuzim oq.
Dunyoda sizdayin padar bormikan,
Qizin jonidan ham ko‘rgan yaxshiroq.
Onam kabi ona bormikan, ayting,
Jonini poyondoz qilgan iziga.
Sizlarni sog‘indim, endi qo‘rqmayman,
Tikka boqib turgum o‘lim ko‘ziga.
Bugun so‘nggi so‘roq. So‘nggi umidim,
Xayol qanotida yetib borsa bas.
Meni duo qiling, ota, otajon,
Duo ila ketay eng so‘nggi nafas.
Duo ila ketay eng so‘nggi nafas...
“XX asrning 20-30 yillarida siyosiy zulmlar qurboni bo‘lgan millatparvar xotin-qizlar qismati va insoniy siymolari haqida gapirar ekan, muallif – shoiraning yuragi qanday chidadi ekan zamonlar kechib bu mash’um voqealarni qayta tiriltirishga?!” deb yozadi O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov asar muallifi haqida.
Asarni albatta, o‘qing. Qabhot ortidagi nur qalbingizga inayotganini his qilasiz...
O‘zA