Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sharg‘unko‘mir” O‘rta Osiyoda yagona mexanizatsiyalashgan konga aylandi (+video)
12:46 / 2023-12-28

Avval xabar berganimizdek, yangi yil arafasida Surxondaryo viloyatidagi “Sharg‘unko‘mir” konida yiliga 900 ming tonnagacha toshko‘mir qazib olish loyihasi ishga tushirildi.

Mazkur videolavhada konda olib borilgan modernizatsiya ishlari va uning kelgusidagi samaralari haqida so‘z yuritiladi.  

Surxondaryo viloyatidagi Sharg‘un ko‘mir koni baland tog‘lar qo‘ynida joylashgan. Geologlar bu yerda 35,6 million tonna toshko‘mir zaxirasi aniqlanganini aytadi.    

Prezidentimizning 2017 yil 13 yanvardagi "Sharg‘unko‘mir" aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va loyiha quvvatini yiliga 900 ming tonnagacha toshko‘mir qazib olishga yetkazish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida to‘liq qayta jihozlangan konning foydalanishga topshirilgani shaxtyorlar uchun Yangi yil bayramiga sovg‘a bo‘ldi.  

Xitoylik mutaxassislar hamkorligida modernizatsiya qilingan kondan endilikda shaxtyorlar O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan mexanizatsiyalashgan texnologiyalar asosida ko‘mir qazib olishni yo‘lga qo‘ydi. 80 yillik tarixga ega “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati o‘tgan davrda 9,3 million tonna ko‘mir qazib olgan bo‘lsa, yangi yildan boshlab iste’molchilarga har yili 900 ming tonnagacha sifatli qattiq yoqilg‘i yetkazib bera boshlaydi. Buning uchun ko‘mir qazish va tashish imkoniyatlari yengillashtirilib, eng zamonaviy xorij uskunalari bilan jihozlandi.  

– Sharg‘un ko‘mir konida kokslanish xususiyatiga ega yuqori sifatli toshko‘mir mavjud, – deydi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati mexanika bo‘limi boshlig‘i, xitoylik mutaxassis Vey Sin Le. –Shu bois qazib olish va tashib ketish sharoitlarini osonlashtirish uchun eng zamonaviy xorij texnologiyalarini o‘rnatdik. Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan birga O‘rta Osiyoda yagona yirik loyihani amalga oshirdik. Men Xitoydagi konlarda ko‘p yil ishladim va orttirgan tajribalarim asosida bu yerda faoliyat yurityapman. Aminmanki, o‘zbekistonlik hamkasblarim bilan hamkorlikni yanada kuchaytirib, bundanda yuqori natijalarga erishamiz.  

Avvallari qazib olingan toshko‘mir yuk mashinalarida Sharg‘un shaharchasiga tashilgan bo‘lsa, modernizatsiya jarayonida kongacha 24 kilometr masofaga temir yo‘l hamda ko‘mir ortish stansiyasi bunyod etildi. Bu qazib olinayotgan mahsulot xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Sakkiz kilometr yer ostidagi ko‘mir qazish kombaynlari  zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan maxsus situatsion markaz orqali kuzatib turiladi. Mutaxassislar bu ishni amalga oshirishda ayrim murakkab jarayonlarga ham duch kelgan bo‘lsa-da, yaratilgan qulayliklar shaxtyorlar ishini yengillashtirgani e’tiborga sazovordir.  

–Ushbu loyihada qo‘llanilayotgan texnologiya  O‘rta Osiyoda yagona bo‘lib, ko‘mirning qiyaligi 45 gradusli bo‘lgan konlarda bunaqa mexanizatsiyalashgan usulda ko‘mir qazib olish murakkab jarayon hisoblanadi,– deydi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati modernizatsiya qilish investitsiya loyihasini amalga oshirish direksiyasi filiali direktori Ma’ruf Azizqulov. –Loyihani amalga oshirish davrida ham ko‘plab murakkabliklar yuzaga keldi. Geologik murakkabliklarga qaramasdan loyihada ko‘rsatilgan ishlar amalga oshirildi. Bu texnologiyani qo‘llagan holda yiliga 900 ming tonnagacha ko‘mir qazib chiqazamiz. Shunga binoan ko‘mir qazib olish ishlari 4-5 baravar oshadi. Oldin ko‘mir qazib olish faqat portlatish usulida amalga oshirilar edi. Hozir mexanizatsiyalashgan usulda ko‘mir qazib olish kombaynlari, shuningdek, ishchilarning xavfsiz ko‘mir qazib olishi uchun maxsus gidravlik mustahkamlagichlar o‘rnatilgan.  

–Aytingchi, xorijning zamonaviy texnologiyalarini mahalliy mutaxassislar to‘liq o‘zlashtirib oldimi?  

–Investitsiya loyihamiz doirasida qo‘llanilayotgan barcha texnologiyalar Xitoy davlatidan olib kelingan bo‘lib, ikki yil davomida bizning mahalliy mutaxassislar tomonidan o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Ikki yil davomida mahalliylashtirilganidan so‘ng o‘zimizning mahalliy mutaxassislar ko‘mir qazib chiqarishga erishadi. Yiliga 900 ming tonna ko‘mir qazib chiqarishga erishganimizda, oyiga 70-75 ming tonna ko‘mir qazib chiqariladi. Bu esa mamlakatimizning ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislarning aytishicha, viloyat sanoatida muhim o‘rin tutadigan yirik loyihani ishga tushirish uchun “Sharg‘unko‘mir”ning 11 million dollar o‘z mablag‘i, Xitoy "Eksimbank"ining 89,8 million va “O‘zmilliybank”ning 4,7 million dollar kredit mablag‘i yo‘naltirildi. Natijada 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Ko‘mir qazib olish davlat byudjetiga to‘lovlarni o‘tgan yillarga nisbatan 4-5 barobarga oshirdi.  

Bularning barchasi mamlakatimiz obodligi, xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgandir.  

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/niDdhtfSxm4" title="“Shargʻunkoʻmir” Oʻrta Osiyoda yagona mexanizatsiyalashgan konga aylandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Xolmo‘min  Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri