Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharg‘unda yiliga 900 ming tonnagacha toshko‘mir qazib olinadi
10:33 / 2023-12-27

Qaror va ijro

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi "Sharg‘unko‘mir" aksiyadorlik jamiyatining modernizatsiya qilinib, yiliga 900 ming tonnagacha toshko‘mir qazib olish quvvati yaratilgan yangi loyihasi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov, nafaqadagi shaxtyor Abdujalil Tohirov va boshqalar mamlakatimizda yerosti boyliklaridan oqilona foydalanish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va bu jarayonga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning milliy iqtisodiyotimizni yuksaltirish hamda yurt farovonligini ta’minlashdagi ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. Tadbir qatnashchilarini Yangi yil bayrami hamda yangi loyihaning foydalanishga topshirilishi bilan tabrikladi.

Prezidentimizning 2017 yil 13 yanvardagi "Sharg‘unko‘mir" aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va loyiha quvvatini yiliga 900 ming tonnagacha toshko‘mir qazib olishga yetkazish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida konda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan mexanizatsiyalashgan texnologiyalar asosida ko‘mir qazib olish yo‘lga qo‘yildi.  

Joriy yilda konda qurilish ishlari boshlanganiga 80, ko‘mir qazish boshlanganiga 65 yil bo‘ldi. O‘tgan davrda shaxtalarda ko‘mir qazib chiqarish va sotish hajmining pasayishi korxonaning nafaqat rivojlanishi, balki ishlab chiqarish uchun ham mablag‘ muammosini yuzaga keltirdi. Jumladan, 2011 yilda ishlab chiqarishdagi tog‘-kon jihozlarining jismoniy eskirishi oqibatida ko‘mir qazib olish yiliga 18,4 ming tonnagacha pasaydi. Yoki 1958 yildan 2022 yilgacha qazib olingan ko‘mir 9,3 million tonnani tashkil etdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sifatli toshko‘mir zaxirasiga boy konni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor so‘nggi 5 yilda toshko‘mir qazib chiqarish hajmini 56 foizga oshirdi. Jumladan, shaxtaning bugungi kungacha bo‘lgan tarixida eng yuqori ko‘mir qazib olish ko‘rsatkichlari 2021 yilda 258 ming tonna, 2022 yilda 282,3 ming tonna va 2023 yilda qariyb 400 ming tonnaga yetdi. Yangi yilda 900 ming tonna sifatli va yuqori kaloriyali ko‘mir mahsulotini sanoat korxonalari va boshqa iqtisodiyot tarmoqlariga  yetkazib berish rejalashtirilgan. Shu maqsadda konda O‘rta Osiyoda yagona mexanizatsiyalashgan texnologiyalar asosida ko‘mir qazib olish boshlandi.

Loyihani ishga tushirish uchun korxonaning 11 million dollar o‘z mablag‘i, Xitoy "Eksimbank"ining 89,8 million va “O‘zmilliybank”ning 4,7 million dollar kredit mablag‘i yo‘naltirildi.  

Loyiha doirasida xitoylik hamkorlar bilan shtolnya va 11,5 ming pogon-metr yer osti yo‘laklarini o‘tish ishlari yakunlandi. Asosiy tog‘-kon uskunalari o‘rnatildi. Sharg‘un shaharchasidan shtolnyagacha 24 kilometr temir yo‘l hamda ko‘mir ortish stansiyasi qurildi. Yer usti binolari va bosh ventilyator qurilmasi inshooti qurilib, quvvati 700 kilovattli ikkita ventilyator o‘rnatildi. Zamonaviy tozalash inshooti bunyod etildi. Kon lahmlari, ko‘mir qazib olish lavalari tayyorlanib, ikkita lavadan parallel mexanizatsiyalashgan usulda ko‘mir qazib olish imkoniyati yaratildi.  

Konda 35,6 million tonna toshko‘mir zaxirasi aniqlangan. Bu yerdagi qattiq yoqilg‘i mamlakatimizdagi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatlarining “Yangi-Angren” va “Angren” issiqlik  elektrostansiyalari, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli sement zavodlari va boshqa korxonalarga yetkazib beriladi.  

[gallery-15232]

Yangi loyihaning ishga tushirilishi bilan 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Ko‘mir qazib olish va davlat byudjetiga to‘lovlar o‘tgan yillarga nisbatan 4-5 barobarga oshadi.  

Shu kuni jurnalist va ijtimoiy tarmoq faollari uchun press-tur ham tashkil etildi. Ishtirokchilar to‘liq modernizatsiya qilingan konda yaratilgan yangi sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi. Xorijlik va mahalliy mutaxassislar bilan suhbatlashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Xolmo‘min  Mamatrayimov, O‘zA muxbiri