1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni Navoiy viloyatida ham keng nishonlanmoqda. Bayramning asosiy tadbiri viloyat hokimligi tantanalar zalida ustoz va murabbiylar mehnatini e’tirof etish bilan boshlandi.
Tantanali tadbirda Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov bayram munosabati bilan soha xodimlariga ezgu tilaklarini bildirar ekan, tizimda olib borilayotgan ishlar va erishilayotgan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
– bugungi kunda viloyatimizdagi 20 ming nafardan ortiq fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarimizning 100 nafardan ziyodining fidokorona mehnatlari davlatimiz tomonidan e’tirof etilib, yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi. Xususan, kuni kecha e’lon qilingan Prezidentimizning farmoniga asosan, taqdirlangan soha fidoyilari orasida viloyatimiz vakillaridan 6 nafarining borligi qalbimizga faxr-iftixor baxsh etadi, – dedi viloyat rahbari. – Birgina 2021-2022 o‘quv yilida 8 nafar o‘qituvchi davlat mukofotlari, 74 nafari esa turli mukofotlar bilan taqdirlandi. 1272 nafar xorijiy til o‘qituvchisining milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgani va ushbu yo‘nalish bo‘yicha respublika reytingida 73 foizlik ko‘rsatkich bilan 1-o‘rinda turganligini ham alohida e’tirof etish joiz.
[gallery-9002]
Navoiy davlat pedagogika institutida 13 nafar Prezident va davlat stipendiantlari sohibi, 36 nafar xalqaro va 269 nafar respublika sport musobaqalari g‘olibi, 39 nafar respublika fan olimpiadasi g‘oliblari va boshqa yutuqlarga erishgan talabalar tahsil olmoqda. Bu kabi yutuqlar zamirida ustozlarning o‘rni beqiyosdir. Joriy yilda xalq ta’limi tizimida 38 ta umumta’lim maktabida qurilish-tiklash ishlari amalga oshirilib, 118,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018-2022 yillar davomida jami maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 132 tadan 1127 taga, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 34,1 foizdan 80,9 foizga oshishiga erishildi.
Tadbirda bir guruh fidoyi, o‘z sohasining yetuk bilimdonlari, tashabbuskor va faol o‘qituvchi va murabbiylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor tufayli muvaffaqiyatlarga erishilmoqda, – deydi Nurota tumanidagi 37-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Suyarqul Zaripov. – Garchi maktabimiz tumanning chekka hududida joylashgan bo‘lsada, o‘tgan yili ta’mirdan chiqarildi. Hozirda ta’lim maskani shaharlardagi kabi zamonaviy ko‘rinish olgan, barcha jihozlar bilan ta’minlangan. Ta’lim sifati ham yildan-yilga oshib bormoqda. Buni o‘quvchilarimizning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarining oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin.
Bayram tantanalari Navoiy shahridagi “Tinchlik” bazmlar maskanida davom etib, soha xodimlari to‘kin dasturxon atrofida jam bo‘ldi. Tadbir badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA