Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini o‘tab, rezervga bo‘shatilgan 600 nafardan ziyod muddatli harbiy xizmatchi tantana bilan uylariga kuzatildi.
Bir yil mobaynida sinovlarda toblangan elimizning zabardast o‘g‘lonlari uylariga yorug‘ yuz bilan qaytish arafasida harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Rahmatullo Rahmonov bilan uchrashib, suhbat qilishdi.
Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazining tantanalar zalida samimiy suhbat tarzida o‘tgan uchrashuvda qo‘mondon bir yil muddat ichida ma’nan va jismonan ulg‘aygan yoshlarga kelajak uchun kerak bo‘ladigan pand-nasihatlar berib, Vatan himoyachisi bo‘lish kabi mas’uliyatli vazifa hammaga ham nasib etmasligini ta’kidladi.
Bir yil katta muddat bo‘lmasa-da, qisqa fursat yigitlarni ancha tobladi, mustaqil bo‘lishga undadi. Ularning dunyoqarashini kengaytirdi, jamoa bo‘lib yashashga, do‘st va birodarlik rishtalarini saqlashga, Vatanga xizmat qilishga, ota-onani qadrlashga o‘rgatdi. Ha, armiya bu hayot maktabi.
“Hayot maktabi”da toblangan yoshlar bilan qo‘mondonning suhbati samimiy ruhda, erkin muloqot va yuqori kayfiyatda o‘tdi. Harbiy hayot yo‘li boy tajribadan iborat bo‘lgan qo‘mondonning nutqi ibrat maktabini o‘tagan yoshlar uchun kelajakda komil inson bo‘lib mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z ulushini qo‘shishga chorladi. Shuningdek, xalq va davlat manfaatlari yo‘lida g‘ayrat qilishga, o‘qib izlanishlariga, taraqqiyotimizga hissa qo‘shishlariga, yuksak marralarni zabt etishlariga ishonch bildirildi.
Suhbat davomida qo‘mondon namunali xizmati, komandirlar tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishdagi mas’uliyati, yurtimizning eng olis bo‘lgan Shimoli-g‘arbiy hududlarini himoya qilish yo‘lida yuksak jangovar shayligi uchun askarlarga o‘zining minnatdorligini izhor etdi. Qo‘shinlarda olib borilgan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida, shuningdek, sport va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etgani uchun ularga harbiy okrug nomidan rahmat aytdi. Tantanada 400 nafarga yaqin muddatli harbiy xizmatchiga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomalari topshirildi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichda jami 45 nafar yigit armiya saflarida xizmatni davom ettirish istagini bildirgan bo‘lsa, bu yilgi mavsumda muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida kelgusi hayotini harbiylik bilan chambarchas bog‘lab, kelgusida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirishga istak bildirganlar soni 106 nafarga yetdi. Bu ham bo‘lsa, yoshlar orasida harbiy kasb nufuzi ortib borayotganidan, sharafli sohaga qiziqish yuksalayotganidan dalolatdir.
Nukus garnizoni harbiy orkestri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining san’atkorlari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri