Suriya Prezidenti Ahmad Ash-Shara’ hukumat qo‘shinlarining kurdlar nazoratidagi hududlarni qisqa fursatda egallashi ortida murakkab diplomatik kelishuvlar turganini ma’lum qildi.
Damashq, Parij va Iroqda yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvlar natijasi o‘laroq, AQSH amalda bu harbiy yurishga to‘sqinlik qilmadi. Natijada mamlakatdagi kuchlar muvozanati tubdan o‘zgardi.
Bir vaqtlar Suriya demokratik kuchlari (SDK)ning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Vashington, deyarli, chetga chiqdi va Shara’ hukumatini yagona legitim hamkor sifatida qabul qilishga moyillik bildirdi. AQSH maxsus vakili Tom Barrak esa SDK tarixiy vazifasini bajarib bo‘lganini ochiq aytdi.
Bu jarayon kurdlar uchun ochiq xiyonat sifatida baholanmoqda. Ularning fikricha, Qo‘shma Shtatlar tinch aholi himoyasi haqida gapirgan bo‘lsa-da, rostmana harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlash sezilgani yo‘q. Natijada Shara’ nafaqat hududlarni qaytaryapti, balki Vashington bilan munosabatda ustunlikka ham erishmoqda.
Suriya sahnasida endi bir haqiqat hukm surmoqda: faqat qurol bilan emas, diplomatik kelishuv orqali ham g‘alaba qozonish mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA