Shanxay xalqaro mediaforumi
Xitoy dunyoning eng katta eksportchisi, ayni vaqtda ichki bozoridagi ehtiyoj uni dunyoning eng katta importchisiga ham aylantirgan.
Xitoy dunyoning eng katta eksportchisi, ayni vaqtda ichki bozoridagi ehtiyoj uni dunyoning eng katta importchisiga ham aylantirgan. 2017 yil may oyida Pekinda boʻlib oʻtgan “Bir makon, bir yoʻl” mavzusidagi xalqaro forumda XXR Raisi Si Szinpin Shanxayda xalqaro import-eksport forumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Forum kunlari “Ochiq dunyo iqtisodiyotini bunyod et” shiori ostida Shanxay mediaforumi oʻtkazildi. Unda 103 mamlakatdan kelgan 600 dan ortiq OAV va tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi. Mediaforum qatnashchilarini XXR Raisi Si Szinpin va Rossiya Federatsiyasi Bosh Vaziri Dmitriy Medvedov tabrikladi.
Forumda “OAV va ilmiy gʻoya markazlarining ochiq dunyo iqtisodiyotidagi oʻrni”, “Ochiq Xitoy va jahon taraqqiyoti” mavzusida bahs-munozaralar boʻldi.
– Davlatlararo munosabatlarda iqtisodiyot siyosatga nisbatan ustuvorlik kasb etyapti, shuning uchun biz maxsus iqtisodiy masalalarni yoritadigan telekanal ochdik, – dedi Xitoy televideniyesi vakili Jen Jaijong.
– OAVdagi axborot doim ham haqiqatni aks ettirmaydi, – dedi rossiyalik Aleksandr Bistriysskiy. – OAVdagi aslida haqiqatdan yiroq maʼlumot tufayli davlat rahbarlari baʼzida xavfli qarorlar qabul qilyapti. Ommaviy axborot vositasi oʻz axborotida haqiqatni yolgʻondan ajratib berishi kerak.
Forum ishtirokchilari Oʻzbekiston bilan hamkorlik haqida quyidagicha fikr bildirdi.
– Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo OAVning hamkorligi talab darajasida emas, – dedi Budapesht mediamarkazi rahbari Demchik Lajos. –Oʻzbekistonga Yevropa jurnalistlari uchun mediaturlar tashkil etishda biz tashabbuskor boʻlishimiz lozim, deb oʻylayman.
– Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasida axborot ayirboshlash sohasida normativ-huquqiy baza rivojlanmagan. Axir, biz bir iqtisodiy maydonda yashaymiz, xalqlarimizning axborotga ehtiyoji ham juda oʻxshash, – dedi “Kazmedia holding” LTD bosh direktori Erkin Jaqipov.
Muhammadjon Obidov,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi raisi