Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Shanxay ruhi”ni mustahkamlash bugun har qachongidan muhim
21:52 / 2022-09-15

Ma’lumki, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiq, konstruktiv va amaliy tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatiga a’zo davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini o‘ziga xos tarzda mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.

Davlatimizning tashqi siyosiy strategiyasida xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan ikki va ko‘p tomonlama tashqi siyosat olib borish barqarorlik va rivojlanish omili sifatida qaraldi. Shu bois, O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bilan birga, ko‘plab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning a’zosi bo‘ldi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston uchun Yevroosiyoda o‘zining munosib o‘rnini topib borayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etdi. Mazkur tashkilot bugungi kunda xalqaro maydonda to‘laqonli va nufuzli xalqaro tashkilot sifatida o‘zini namoyon qila oldi. SHHT Osiyoning Hindiston va Pokiston kabi yirik davlatlari hisobidan kengayishi natijasida dunyoda eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilishida avvalboshdanoq ishtirok etgan davlat, uning izchil rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan va qo‘shishda davom etmoqda. 2021-2022 yillarda mamlakatimiz ushbu nufuzli tashkilotga raislik qilmoqda. Ayni kunlarda O‘zbekiston jahon mamlakatlari siyosatchilari diqqat markazida bo‘lib turibdi. Negaki, ko‘hna va navqiron Samarqandda o‘tayotgan SHHT sammiti tarixiy qarorlar qabul qilinadigan maydonga aylanadi. Ushbu majlis SHHT yetakchilarining 2020 yilda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon o‘tgan uch yilda birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitga quyidagicha baho berdi: “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti “umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik tamoyillariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni boshlashning namunasi bo‘ladi”.

bugungi sammit doirasida tashkilot faoliyatini rivojlantirish, mintaqaviy tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat va transport sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, "yashil" iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot, tibbiyot sohalarida hamkorlik, qo‘shma loyiha va tadbirlarni amalga oshirishga oid 30 ga yaqin hujjat qabul qilinadi. Sammit yakunida qabul qilinadigan asosiy hujjat – Samarqand Deklaratsiyasida esa eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha ishtirokchi davlatlarning aniq pozitsiyalari o‘z ifodasini topadi.

Hujjatda SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni yanada mustahkamlash, transport yo‘laklarini takomillashtirish va madaniy aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha umumiy yondashuvlar o‘rin olgan. Sammitda imzolashga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan keng qamrovli reja va unda ko‘rsatilgan aniq tadbirlar SHHTga a’zo barcha davlatlar manfaatlariga xizmat qiladi. SHHT sammitida imzolanadigan shu kabi tarixiy va strategik hujjatlarning qabul qilinishi bilan xalqlar farovonligi va mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lidagi qator maqsadlar ham ro‘yobga chiqishi muqarrar. bugungi kunga kelib SHHTning tobora yuksalib borayotgan mavqeini bir qator omillar bilan bog‘lash mumkin.

Jumladan, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashkilotning bosh maqsadi va muhim tamoyillaridan biri bo‘lib, u bugungi kunda o‘z ahamiyatiga ko‘ra insoniyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. SHHT tashkilot sifatida o‘zini a’zo davlatlarning teng huquqli birlashmasi sifatida namoyon qilib, uning faoliyati boshqa davlatlar manfaatlariga, blokli qarama-qarshilik xususiyatiga ega emasligi bilan ajralib turadi. Tashkilot doirasida a’zo davlatlar uchun ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalarda katta ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘p qirrali hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi shakllantirilmoqda. Tashkilotning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, separatizm, narkobiznes kabi taxdidlarga qarshi kurashda SHHTning Toshkent shahrida joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) faoliyati misol bo‘la oladi. Tuzilmaning aynan poytaxtimizda tashkil etilgani O‘zbekiston SHHTning faol a’zosiga aylangani, uning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshirishda yetakchi davlatlardan biri sifatida maydonga chiqayotganidan dalolat beradi. bugungi kunga kelib SHHT faoliyati rivojida yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.

Savdo-iqtisodiy aloqalarning keskin pasayishi, ishlab chiqarishning qisqarishi, ishsizlikning ortishiga sabab bo‘lgan pandemiya davlatlarning taraqqiyot dinamikasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, dunyoning ayrim mintaqalarida harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashib, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar kuchaymoqda. Mavjud muammolarni yaxshi qo‘shnichilik, tenglik, o‘zaro ishonch va manfaatlar hamohangligini ta’minlash orqali bartaraf etish mumkin.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi majlisida so‘zlagan nutqida Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turganini alohida ta’kidlagan edi. Shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish an’analarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan holda, “Umumiy qadriyatimiz, birgalikda rivojlanishga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi bo‘lgan ko‘p tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi – “Shanxay ruhi”ni mustahkamlash bugun har qachongidan muhim” ekanini e’tirof etgan.

O‘zbekiston Respublikasi pozitsiyasiga ko‘ra, bugungi kunda SHHT oldida yechimini kutayotgan bir qator vazifalar mavjud. Ular orasida iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish alohida e’tiborga molik masala sifatida o‘rin egallaydi. Zero, shu yo‘l bilan savdo-iqtiodiy munosabatlarni mustahkamlash va davlatlarning farovon taraqqiyotiga erishish mumkin. Bunda o‘zaro savdo munosabatlaridagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona faoliyatini muvofiqlashtirish va raqamlashtirish, davlatlararo elektron tijoratni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan inqirozga qarshi qo‘shma dasturlarni amaliyotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida, SHHT doirasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha faol ilgari surilgan tashabbuslar tashkilotning keng hududida ulkan transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan.

Ushbu sa’y-harakatlar orqali O‘zbekiston o‘z hamkorlari bilan birgalikda SHHT imkoniyalaridan foydalangan holda, «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy», "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar», «Lanchjou – Qashqar – Irkeshtom – O‘sh – Andijon – Toshkent – Mari» va hozirgi geoiqtisodiy sharoitda o‘ziga xos strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa transport yo‘laklarini amaliyotga tatbiq etishni jadallashtirish niyatida. Jahon hamjamiyatini larzaga solgan pandemiya sharoitida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortdi. Shu munosabat bilan SHHT doirasida aholi orasida kompyuter savodxonligini oshirish hamda mazkur sohada yetakchi mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan dasturlarni ishlab chiqish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan mavjud sharoitdan kelib chiqib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlarni o‘zaro muvofiqlashtirib borish taklifi ilgari surilmoqda. Mavjud muammolarni bartaraf etish samaradorligini oshirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining muttasil uchrashuvlarini tashkil etib borish maqsadga muvofiq. Shu maqsadda SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik dasturi va ularni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish lozim. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan SHHT faoliyati samaradorligini oshirish borasida bir qator samarali sa’y-harakatlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashkilot doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, logistika va innovatsiyalar kabi sohalardagi hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslari alohida ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada olib borilayotgan siyosat natijasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Jahonda yuz berayotgan tahlikali vaziyatni hisobga olgan holda, davlatimiz o‘z oldiga SHHT faoliyatini yangi mazmun-mohiyat bilan boyitish, xususan, transport-tranzit yo‘laklarini yaratish, innovatsion va raqamli taraqqiyot, iqtisodiy o‘sishning yangi yo‘nalishlarini belgilash, iqlim o‘zgarishlari va ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurash borasidagi tashabbuslarni hayotga tatbiq etish kabi vazifalarni qo‘ygan bo‘lib, ularning amaliy natijasi tashkilotning kelgusi mavqeini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Durdona MADAMINOVA,

Hilola MUSTAPOVA,

Toshkent davlat sharqshunoslik

universiteti o‘qituvchilari.

O‘zA