Ma’lumki, shu yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli anjuman pandemiya boshlanganidan beri, ya’ni so‘nggi uch yilda ilk marta bevosita muloqot shaklida o‘tkaziladi. Mazkur xalqaro tadbirga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Samarqanddagi SHHT sammiti arafasida akademik Akmal Saidov mas’ul muharrirligida “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar konstitutsiyalari” kitobi chop etildi. To‘plam Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan tayyorlangan bo‘lib, SHHTning rasmiy tillarida “TASVIR” nashriyotida yuqori sifatda qalin muqovada nashrdan chiqdi.
Unda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar — Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Hindiston va Pokiston konstitutsiyalari o‘rin olgan. To‘plamda qayd etilganidek, SHHT – bu sivilizatsiyalararo muloqot va madaniy-ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli maydon ekanini unutmaslik kerak”.
Xalq diplomatiyasi, turizm, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni kuchaytirish, yangi madaniy-ijtimoiy tashabbuslar orqali “Shanxay ruhi”ni amalda ifoda etish, shuningdek, SHHT faoliyati kun tartibini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish, o‘simliklar karantini, SHHTning global miqyosdagi nufuzini mustahkamlash va xalqaro aloqalarini kengaytirish kabi hamkorlikning yangi yo‘nalish va shakllari bilan boyitish ham muhimdir.
Kitobda ta’kidlanganidek, SHHT makonining konstitutsiyaviy rivojlanishi muayyan umumiylik bilan tavsiflanadi. Tashkilotga a’zo davlatlar konstitutsiyalarining dinamik rivojlanishi, ularda “xalq hokimiyatchiligi, davlat boshqaruvining respublika shakli, davlatning ijtimoiy va dunyoviy xususiyatlari, inson huquq va erkinliklarining ustuvorligi, hokimiyatning bo‘linishi, mulk shakllarining ko‘pligi va teng huquqliligi, hududiy yaxlitlik” kabi tamoyillar mustahkamlangani shular jumlasidandir.
Yana bir e’tiborli jihati shundaki, SHHTga a’zo barcha mamlakatlarning konstitutsiyasi ilk bor yaxlit to‘plam holida nashr etildi. To‘plam har bir mamlakatning konstitutsiyaviy o‘ziga xosligini, SHHT makonida konstitutsiyaviy-huquqiy plyuralizm va tadrijiy rivojlanishni namoyon etishi bilan ham ahamiyatli. O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar davrida SHHTga a’zo mamlakatlarning konstitutsion tajribasini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ushbu nashrning ahamiyatini yanada oshiradi.
Mamlakatimizning SHHTga raisligi doirasida nashr etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar konstitutsiyalari” kitobi ilmiy tadqiqotchilar, olimlar, davlat idoralari, ilmiy va ta’lim muassasalar mutaxassislari, talabalar va jahonda konstitutsionalizm taraqqiyoti masalalariga qiziquvchi keng aholi qatlami uchun kerakli va foydali manba bo‘lishi shubhasiz.
M.Komilova, O‘zA