Bugun Samarqand Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitining ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga shay. Xorijiy davlatlar delegatsiyalari vakillari, mehmonlar kelishi davom etmoqda.
Shu kunlarda sayyohlarning e’tibori qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahriga har qachongidan ham ortgan.
Mana shunday nufuzli tadbir oldidan O‘zA saytida ekspertlar, turli sohalar mutasaddilari, mehmonlar bilan suhbatlar e’lon qilinmoqda.
Navbatdagi suhbatdoshimiz O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov bo‘ldi.
– Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bu shaharda o‘tkazilishi bejiz emas, - deydi B.Shahriyorov. - Samarqand tarixdan ilm-fan, ta’lim, san’at va madaniyat o‘chog‘i, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi, Sharq va G‘arbni bog‘lagan nuqta bo‘lgan. Buni dunyo ahli yaxshi biladi va bu kentga kelishni istovchilar hamisha ko‘p bo‘lgan.
Ko‘plab tarixiy voqealar, yirik ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga guvoh bo‘lgan shahar bugun xalqaro muloqot maydoniga, diplomatiya markaziga aylanmoqda.
Sammit doirasida tashkil etilgan turli uchrashuvlar, kelishuvlar kelgusida o‘z samarasini beradi. Bu jarayonda turizm va madaniy meros yo‘nalishida ham qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Bulardan biri SHHTga a’zo davlatlarning hukumatlari o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandumi imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, Tashkilotga a’zo davlatlarning vakolatli organlari, vazirlik va idoralari rahbarlari o‘rtasida muzey ishini rivojlantirishga qaratilgan memorandum ham imzolanishi kutilmoqda.
Bu sammit Markaziy Osiyoda, umuman SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida turizmning yanada rivojlanishiga katta turtki beradi. Pandemiyadan keyingi davrda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, uning iqtisodiyotdagi rolini oshirish, ushbu sohada aholi daromadini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu sammit shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jonlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Sammitga tayyorgarlik jarayonida Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan ham qator tadbirlar, uchrashuv va ko‘rgazmalar tashkil etildi. Xususan, «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Samarqand ruhi - rassomlar nigohida” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda SHHTga a’zo davlatlarning oltmishdan ortiq taniqli rassomlari ishtirok etdi. Ularning sara asarlari sammit doirasida muhim tadbirlar o‘tadigan maskanlarda joylashtirildi.
Bu tadbir O‘zbekistonning turizm salohiyati oshishiga ham xizmat qilishiga ishonamiz.
O‘zA muxbiri Ikrom Avvalboyev yozib oldi.