French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shanxay hamkorlik tashkiloti: ekologik muvozanat va barqaror rivojlanish sari
09:00 / 2022-05-26

Tobora keskinlashib borayotgan global iqlim o‘zgarishi va ekologik hodisalar salbiy ta’siriga qarshi birgalikda va kelishilgan chora-tadbirlar ko‘rish dunyodagi nufuzli xalqaro platformalar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi raislik qilayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti kun tartibidan ham muhim o‘rin olgan.

Joriy yil 27 may kuni Toshkent shahri SHHTga a’zo davlatlar atrof-muhitni muhofaza qilish mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining uchinchi majlisiga mezbonlik qiladi.

Iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolar chegara bilmaydi. Ular bilan kurashish esa global, mintaqaviy va milliy miqyosdagi kompleks sa’y-harakatlarni talab etadi.

“Global muammolar” atamasining o‘zi ham BMTning Ming yillik rivojlanish maqsadlari va boshqa xalqaro platformalarda muhokama qilinadigan “Global commons”, ya’ni “global umumiy mulk”ga aylandi. Shu bilan bir qatorda 2030 yilgacha belgilangan kun tartibidagi 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ning 10 tasi atrof-muhitga aloqador ekanini alohida ta’kidlash joiz.

Pandemiyaning dunyodagi ekologik vaziyatga ta’siri ham turlicha namoyon bo‘ldi. Bir tomondan, cheklov choralari zararli chiqindilarni kamaytirish va havo sifatini yaxshilashga yordam berdi, boshqa tomondan, issiqxona gazi chiqindisiga pandemiya ta’sir ko‘rsatmadi. Ya’ni, ko‘mir, neft, tabiiy gaz va azot bilan bog‘liq ishlab chiqarish chiqindilari avvalgi yillarga nisbatan kamaymagan.

Yevroosiyoning kattagina qismini o‘z ichiga olgan SHHT makonida ham iqlim o‘zgarishi, jumladan, Orol dengizi qurishi, muzliklar erishining jadallashishi, suv resurslari tanqisligi, cho‘llanish, qurg‘oqchilik, sho‘rlanish va tuproq degradatsiyasi, o‘simliklar ayrim turlarining yo‘q bo‘lib ketishi kabi jiddiy ekologik muammolar mavjud.

Tashkilotga a’zo mamlakatlar aholisining 52,6 foizi qishloqlarda istiqomat qilishini hisobga olsak, ko‘p jihatdan aynan ular yuzaga kelayotgan ekologik xavf-xatarlar salbiy oqibatlariga ta’sirchanligini kuzatish mumkin.

Ekologik xavf-xatar tobora keskin tus olayotgan bir davrda bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish SHHTga a’zo davlatlar uchun jiddiy ahamiyatga ega.

Shu sababli ham keyingi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni institutsionallashtirish yo‘lida SHHT doirasida qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkilotining 2025 yilgacha Rivojlanish strategiyasiga muvofiq, ishtirokchi davlatlar atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlarining oldini olish sohasidagi hamkorlikka alohida ahamiyat berish zarurligi to‘g‘risida kelishuvga erishishdi.

Bitimning tegishli bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida 2018 yil 10 iyun kuni bo‘lib o‘tgan SHHTning Sindao sammitida Tashkilotga a’zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi qabul qilindi. O‘z navbatida, 2019 yil Bishkekda bo‘lib o‘tgan SHHT Sammitida mazkur Konsepsiyani amaliyotga tatbiq etishni nazarda tutuvchi 2019-2022 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi qabul qilindi.

2019 yil 27 sentyabr kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari darajasidagi birinchi yig‘ilish ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligini tasdiqladi. Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar “SHHT shaharlarining ekologik farovonligini rivojlantirish dasturi” loyihasini ma’qulladilar va ushbu hujjat keyinchalik 2019 yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisi doirasida qabul qilindi.

Mazkur hujjat shaharlarda atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashtirish, shaharlarning ekologik xavfsizligini ta’minlash, chiqindilarni boshqarish, shaharsozlikda ekologik talablarni hisobga olishga qaratilgan.

Hozir SHHT makonida ekologik muammolar va xavf-xatarlarga qarshi kurashda zamonaviy-innovatsion yondashuvga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada mamlakatimizning hissasi ham sezilarli. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan SHHTning 2021 yil 17 sentyabrdagi Dushanbe Sammitida Shanxay hamkorlik tashkilotining “Yashil kamar” nomli juda muhim va dolzarb Dasturi qabul qilindi.

Mazkur Dasturning ijrosi iqtisodiyot tarmoqlarida energiya va resurs tejamkor, ekologik toza zamonaviy “yashil” texnologiyalardan foydalanish va joriy etish bo‘yicha teng huquqli va o‘zaro manfaatli ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish orqali SHHTga a’zo davlatlar aholisining hayot darajasi va sifatini oshirishga hissa qo‘shadi.

Aslida mamlakatimizning SHHT doirasida olib borayotgan yuqoridagi sa’y-harakatlari keyingi yillarda dunyoning ilg‘or ko‘p tomonlama tuzilmalari  amalga oshirayotgan faol “ekologik diplomatiya”ning uzviy qismidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, davlatimiz rahbari taklifi bilan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p sheriklik trast fondi tashkil etildi va amal qilmoqda.

SHHTga a’zo davlatlar bosh ekologlarining Toshkentdagi yig‘ilishi kun tartibiga ko‘plab muhim masalalar kiritilgan. Xususan, tadbirda “SHHTga a’zo davlatlarning 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasi” ijrosi bo‘yicha hisobotlar eshitilib, yutuq va kamchiliklar muhokama qilinishi, shuningdek, “SHHTning ekologik axborot almashinuvi uchun yagona platformasini birgalikda yaratish dasturi” qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, SHHTga a’zo davlatlar atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlarining Toshkent uchrashuvi O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan faol va eng muhimi, natijador ekologik diplomatiyaning navbatdagi tantanasi bo‘lishi kutilmoqda.

Nabijon QUVONDIQOV,

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

Mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi 

bo‘lim boshlig‘i.

Botir ISMOILOV, 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

uchinchi kotibi.

O‘zA