Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Shantaj»chi murojaatchilarga qonuniy tartibda munosabatda bo‘lish zarurligi bildirildi
18:59 / 2022-12-16

Murojaatlar aholining haqiqiy hayotini oynadek ko‘rsatadigan asosiy omildir. Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining «2022 yilda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarning qay darajada hal etilayotganligi to‘g‘risida»gi axboroti tinglandi.

Eshituvni kirish so‘zi bilan ochgan qo‘mita raisi Shuhrat Bafoyev xalqimiz farovonligini oshirish, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashda mahalla institutining o‘rni muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, parlament quyi palatasiga mahallaga oid kelayotgan har bir murojaat qo‘mita tomonidan umumlashtirilib, tegishli tartibda ishlar olib borilayotganini qayd etdi.  

"Mahalladek yagona tizimimiz Markaziy Osiyo davlatlarining birortasida ham mavjud emas, — dedi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi vakili Shoira Umarova. — Ayni paytda Qozog‘iston ushbu tizimni bizdan o‘rganmoqda. Shuningdek, «Ayollar daftari», «Temir daftar» va «Yoshlar daftari» kabi yangi tizim ham hech qayerda uchramaydigan amaliyotdir. bugungi kunda odamlarni yillar davomida o‘ylantirib kelgan masalalar mahallaning o‘zida hal etilyapti, daftarlar tizimi orqali aholiga ko‘maklashilmoqda. Shu bois vazirlikka fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni ham kamaygan. Masalan, o‘tgan yili 79 mingdan ortiq murojaat kelgan bo‘lsa, joriy yilda 20 270 ta . Ularning 15 409 tasi qanoatlantirilgan, 3 769 tasiga tushuntirishlar berilgan. 251 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga yo‘naltirilgan. 666 tasi esa hozirda ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu murojaatlarning salmoqli qismi Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent, Andijon viloyatlari va Toshkent shahridan kelib tushgan. Murojaatlarning 91 foizi Prezident Virtual qabulxonasi orqali kelgan.  

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning aksariyat qismini moddiy yordam va ijtimoiy nafaqa to‘lovlarini ajratish, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, mahalla raislarining faoliyati, «Ayollar daftari», «Temir daftar» va «Yoshlar daftari», uy-joyini ta’mirlash va sog‘ligini tiklash uchun moddiy yordam ajratish va boshqa shu kabi masalalar tashkil etadi", dedi Sh.Umarova.  

Eshituv davomida vazirlikning Quyi Chirchiq tumanida olib borgan o‘rganishlari davomida aniqlangan muammolar, qiyin ahvolda yashayotgan aholining shart-sharoitlari aks etgan fotolar slayd ko‘rinishida taqdim etildi.  

Eshituvda so‘z olgan deputatlar mahalla tizimida uchrayotgan muammolar, xususan, murojaatlar bilan ishlash borasida duch kelinayotgan masalalar yuzasidan fikrlarini, savol va e’tirozlarini bildirdilar.  

Xususan, Aqshagul Tulegenova murojaatlar bilan ishlashda haqiqatan ham yillar davomida qiynalib kelayotgan odamlarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratish zarurligini, ayrim «shantaj»chi murojaatchilarga qonunda ko‘rsatilgan tartibda munosabatda bo‘lish zarurligini bildirdi. Bunday toifadagi murojaatchilar hamma joyda hoziru nozir bo‘lishini, firibgarlik yo‘li bilan muntazam moddiy yordamlar olib turishini aytib, murojaatlarga adolatli yondashish zarurligini ta’kidladi.  

Eshituv davomida qo‘mita a’zolari tomonidan vazirlik tizimidagi xodimlar hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bilim va malakasini oshirish, takroriy murojaatlar bo‘yicha aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berildi.   

Muhtarama Komilova, O‘zA