Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shamoldan qanday qilib elektr energiyasi olish mumkin? – Mutaxassis bilan suhbat
12:51 / 2023-04-05

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti kafedra mudiri, texnika fanlari doktori Dilshod Qodirov shamol elektr stansiyalarini o‘rnatish tartibi va ulardan foydalanish qoidasi haqida O‘zA muxbiriga ma’lumot berdi.

— Suhbatimizni shamol qurilmalari qachon va qayerda, qanday ko‘rinishda yaratilgani haqidagi ma’lumotlar bilan boshlasak?

—Xitoy hamda Fors ko‘rfazida shamol energiyasidan foydalanish birinchi bo‘lib o‘zlashtirilgan. Miloddan avvalgi 200-yillarda Fors ko‘rfazida vertikal aylanish o‘qqa ega bo‘lgan oddiy shamol tegirmonlari ishlatilgan. Undan ham oldin bunday tegirmonlar Xitoyda donni maydalash uchun foydalanilgan. Bunday tegirmonlar vertikal o‘q atrofida aylanardi va shamolda aylanadigan yog‘och o‘zakka qamish bog‘lamlarini mahkamlagan.

Keyinchalik shamol energiyasidan foydalanish tufayli buyuk geografik kashfiyotlar amalga oshirilgan va jahon savdosi rivojlangan. Vaqt o‘tishi bilan odamlar shamoldan foydalanib, dalalarni sug‘orishni, g‘alla yanchishni, keyinroq esa elektr energiyasini ishlab chiqarishni o‘rgandilar.

— Har qanday insonda shamoldan qanday qilib elektr olish mumkin, degan savol tug‘ilishi tabiiy. 

— Havo shamol parraklaridan o‘tib, uning aylanishiga sabab bo‘ladi, bu esa elektr energiyasini ishlab chiqaradigan generatorning rotoriga uzatiladi. Shamol kuchi rotorni aylantiruvchi parraklarni harakatga keltiradi. Natijada stator chulg‘ami tufayli mexanik energiya elektr tokiga aylanadi. Bundan tashqari, aylanish kuchi yordamida batareyada saqlanadigan elektr energiyasi ham hosil bo‘ladi. Havo oqimi qanchalik kuchli bo‘lsa, parraklar shunchalik tez aylanib, ko‘proq energiya ishlab chiqaradi. Har qanday shamol stansiyasining ishlash prinsipi bir xil. Parraklar qanchalik katta bo‘lsa, ular shunchalik ko‘p oqimni ushlaydi va yuqori tezlikda aylanadi. Parraklar qanchalik tez aylansa, shunchalik ko‘p energiya hosil bo‘ladi. 

— Shamol elektr stansiyalari yurtimizda mavjudmi?

— Shamol elektr stansiyalari bugungi kunda yurtimizda davlat dasturiga kiritilgan, investitsion loyihalar asosida chet ellik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda qurilyapti. Lekin qurilish yakunlanib, ishga tushirilgan shamol elektr stansiyalari hozircha mavjud emas. Ammo kichik quvvatli shamol elektr stansiyalari mavjud. Bular olimlar, talabalar, kichik magistrlar, yosh olimlar hamda tadbirkorlar tashabbusi bilan ishlab chiqarilgan kichik shamol qurilmalari hisoblanadi. Buni elektr stansiya deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Bular, juda kichik quvvatda, biror bir tadqiqot natijasi yoki  kichik ob’ekt hamda xonadonni yoritish uchun o‘rnatilgan  shamol qurilmalari. Lekin umumiy tarmoqqa ulangan, yirik shamol elektr stansiyalari yoki shamol elektr qurilmalari mavjud emas.

—O‘zbekistonda shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish qanday rejalashtirilgan? 

2026 yil yakuniga qadar yurtimizda 7 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Viloyatlar kesimida aytib o‘tadigan bo‘lsam, Navoiy viloyatida 2024 yilga borib shamol elektr stansiyasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Xususan, 2024 yilda (2023 yil yakunida ilk quvvatlar) Tomdi tumanida BAAning «Masdar» kompaniyasi tomonidan quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Buxoro viloyatida 2024 yilga borib, Peshku tumanida Saudiya Arabistonining “ ASVA POWER” kompaniyasi tomonidan quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi. 

2024 yilda G‘ijduvon tumanida Saudiya Arabistonining “ASVA POWER” kompaniyasi tomonidan quvvati 500 MVt bo‘lgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025 yilda umumiy quvvati 1600 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Xususan, 2024 yilda Qorao‘zak tumanida quvvati 100 MVt shamol elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 3 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi. 

— Oddiy aholi shamol qurilmalarini uylariga o‘rnatishi mumkinmi?

— Shamol stansiyalari qurilmasin, degan cheklovlar yo‘q. Faqat tadbirkor, ishlab chiqarish ob’ekti yoki kattaroq maydonga ega bo‘lgan hududlar, qishloq, ovullarga o‘rnatish tavsiya etiladi. Sababi shamol energetik qurilmalarida varrak, generator, akkumulyator va boshqa elektr qurilmalari mavjud. Qurilmani o‘z hududiga o‘rnatmoqchi bo‘lgan tadbirkor yoki aholi vakillari o‘zlari rejalashtirgan hududda shamolning doimiy esish yoki esmaslik tarixini bilishi kerak. Shamolni esish diapazoni minimum 5 s/metr. Ya’ni, shamol esishi mana shu tezlikdan yuqori va doimiy bo‘lishi shart. Shamolning esishi birdaniga tezlanuvchan va sekinlanuvchan bo‘lmasligi lozim. Chunki rejalashtirilayotgan shamol stansiyasini ishlashiga ta’sir qiladi.

—Odamlar orasida shamol stansiyalari o‘rnatilgan joyda ekinlar zarar ko‘radi, degan qarashlar yuradi. Bu qanchalar to‘g‘ri?

Bu fikrga  qo‘shilmayman. Sababi O‘zbekiston miqyosida shamol elektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilayotgan hududlar  doimiy shamol esadigan joylar hisoblanadi. Ushbu elektr stansiyalarini ham ekologik nuqtai nazardan, ham oxirgi texnologik yechimlar asosida qurish rejalashtirilgan. Shu nuqtai nazardan bu qurilmalarni ham insonlarga, ham tabiatga, ya’ni ekinlarga zarar yetkazmasligi  inobatga olingan.

To‘g‘ri, shamol elektr stansiyalari o‘rnatilgan ob’ektlarda ayrim o‘zgarishlar bo‘ladi. Oldingi qurilmalarda shovqin borligi va parraklar  tez aylanishi odamlarda vahima o‘yg‘otardi. Eski turdagi shamol stansiyalaridan hozirgilari birmuncha takomillashgan. Shu tufayli ziyon yetkazadi, deyishimiz noto‘g‘ri bo‘ladi.

— Shamol elektr stansiyasini yurtimizning qaysi hududlariga o‘rnatish ko‘proq samara beradi?

— Shamol stansiyalari o‘rnatish uchun samarali joy doimiy shamol oqimi bo‘lgan hududlar – tepalikli yerlar, tog‘lar, dengiz va okeanlarning qirg‘oq hududlaridir. O‘zbekistonda shamol energiyasining asosiy potensiali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi. 

— Uni o‘rnatish uchun qanday omillarni hisobga olish kerak?

Shamol elektr stansiyasini o‘rnatish joyini to‘g‘ri hisoblash uchun ko‘plab omillarni hisobga olish kerak. Elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shamolning boshlang‘ich tezligi 4 m/s ni tashkil qiladi. Shamolning o‘rtacha tezligi taxminan 9-10 m/s bo‘lgan joylar yuqori salohiyatga ega bo‘lgan hududlar hisoblanadi.

— Shamol energiyasidan ko‘proq qaysi mamlakatlarda samarali foydalaniladi?

— Lotin Amerikasi, Shimoliy Amerika, Yevropaning g‘arbiy va shimoliy qismlari hamda Markaziy Osiyoning shimoliy hududlarida shamol energiyasidan foydalanish samarali hisoblanadi. Masalan, Germaniyada shamol energiyasidan foydalangan holda iste’molchilarning 25 foizini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

— Yerdagi energiya manbalari butun umrga yetadi, deb ayta olamizmi?

—Insoniyat kosmosni o‘zlashtirmaguncha bizda bitta yer bor. To‘g‘ri, yerda olish mumkin bo‘lgan juda ko‘p energiya manbalari mavjud. Lekin, yerdagi energiya manbalari tugagandan so‘ng muqobilini izlashimizga to‘g‘ri keladi. Agar muqobili topilmasa, yerda hayot ayanchli bo‘ladi. Umid qilamizki, qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish hayotimizni yanada farovonlashtiradi.

 

O‘zA muxbiri 

Nigora Rahmonova 

suhbatlashdi.