Shamol tabiiy ravishda qayta-qayta hosil bo‘ladigan hodisa. Neft yoki gazdan farqli o‘laroq, tugab qolmaydi. Shamoldan elektr olish jarayonida zararli chiqindi – uglerod gazi yoki tutun chiqmaydi. Bu esa atmosferani asrab qolishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda shamoldan elektr energiyasi olish keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Jahonning ko‘plab davlatlari ushbu sohaga muntazam sarmoya kiritib, shamol elektr stansiyalari barpo etmoqda.
“China Datang Corporation” Xitoyning yirik energetika kompaniyalaridan biri bo‘lib, asosan elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Umumiy ishlab chiqarish quvvati 100 GVtdan oshgan ushbu kompaniya boshqa davlatlarda ham energetika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etadi, eksport va texnologiya hamkorligi orqali “yashil energiya” loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
[gallery-25243]
Qayd etish joiz, “China Datang Corporation” Toshkent viloyatidagi 263 MVt quvvatga ega “Datang Buka” foto-elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritgan. Mazkur loyiha to‘liq ishga tushgach, aholiga har yili 540 million kilovatt-soat yashil elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Har qanday sohani rivojlantirishda eng muhim omil malakali mutaxassislardir. Zamonaviy texnologiya, innovatsiya va imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanish uchun bilimli, tajribali kadrlar talab etiladi. Zero, har qanday sohada qo‘llanadigan uskuna yoki tizimni inson boshqaradi.
“China Datang Corporation” ham xorijliklar uchun tajriba almashish dasturini yo‘lga qo‘ygan. Loyiha doirasida ayni payt O‘zbekiston, Indoneziya, Kamboja, Myanma, Laos kabi davlatlardan kelgan soha xodimlari kompaniyaning zamonaviy energetika ob’ektlarida ish jarayoni bilan tanishib, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish orqali malaka oshirmoqda.
Xorijlik mutaxassislar hozirgacha poytaxt Pekin va Ichki Mo‘g‘uliston mintaqasida bo‘lib, korxonaning ko‘p yillik tarixi, tarmoqlar bo‘yicha faoliyati, biznes yo‘nalishlari va global energetika loyihalari haqidagi ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdi.
– Shamol energetikasiga dunyo bo‘ylab talab borgan sari oshmoqda, – deydi “Datang Buka” foto-elektr stansiyasi mutaxassisi Farhodjon Ma’rufov. – Juda ko‘p davlatlar ushbu sohada ulkan yutuqlarga erisha boshladi. Jumladan, O‘zbekiston uchun ham shamoldan energiya olish istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Zero, mamlakatimizning aksariyat hududlarida shamol resursi yetarli. Ta’kijdlash o‘rinliki, bunday elektr quvvatini hosil qilish usuli nafaqat tabiatga ziyon yetkazmaydi, balki iqtisodiy jihatdan ham yuqori samara beradi. Xitoyga tashrif davomida dunyodagi eng yirik issiqlik elektr stansiyasi sanaladigan Tokoto majmuasidagi ish jarayoni bilan tanishdik, shamol, quyosh, issiqlik va akkumulyatsiya uyg‘unlashgan yangi energetika modelini o‘rgandik.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
Ichki Mo‘g‘uliston, Chifeng