Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shamol minorasi poydevoriga beton quyish boshlandi
09:29 / 2023-05-27

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda an’anaviy va muqobil energiya stansiyalarini qurishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buni Buxoro viloyatida Saudiya Arabistoni Qirolligining “ACWA POWER” xorijiy kompaniyasi sarmoyasi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar misolida ham ko‘rish mumkin.

Buxoro viloyati markazidan qariyb 250 kilometr uzoqlikda joylashgan, G‘ijduvon tumani hududidagi ob’ekt maydonida shamol minorasi poydevoriga beton quyishga start berildi. Mazkur hududda “ACWA POWER” kompaniyasi tomonidan “ASWA Rower Bash Wind” MCHJ negizida qiymati 650 million dollarga teng bo‘lgan shamol elektr stansiyasi quriladi. Qurilishda Xitoyning “CHINA ENERGY INTL GROUP CAS” kompaniyasi pudratchi sifatida qatnashadi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, shamol elektr stansiyasi 2025 yilda to‘liq ishga tushadi. Ob’ektning foydalanishga topshirilishi natijasida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 79 ta shamol trubinalari o‘rnatish orqali yiliga 1,8 milliard kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu Buxoro viloyatidagi aholi va iqtisodiyot tarmoqlari elektr energiyasi iste’molining 42 foizni qoplaydi.

Shu bilan birga shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida yiliga 550 million kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 500 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Ushbu loyiha tarmoqning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash, minglab xonadonlar va yangi korxonalarni “yashil” energiya bilan ta’minlash imkonini beradi.  

– Mazkur investitsiya loyihasi yurtdoshlarimiz turmush darajasini oshirish, ular uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, farovon hayot barpo etish yo‘lida Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning uzviy davomi, Buxoro viloyatida yangi sanoat davrini yaratish yo‘lidagi yirik qadamlardan biridir, – deydi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov. –Ishonchim komilki, mazkur hamkorlarimiz bilan birga kelgusida iqtisodiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shadigan, uning raqobatbardoshligini mustahkamlaydigan yana ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshiramiz.

Ma’lumot uchun, Peshku tumanida ham “ASWA Rower Dzhankeldy Wind” MCHJ tomonidan xuddi shunday loyiha amalga oshirilmoqda. Umuman, Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, Buxoro viloyatida energetika sanoatini yanada rivojlantirish uchun 2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobidan 1 ta gaz-porshenli elektr stansiyasi, 2 ta shamol va 2 ta fotoelektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan.

Zarif Komilov, O‘zA