O‘zbekiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva tabarruk yoshda ham shaloladek tiniq ovozga ega bo‘lgan, samimiy, mehridaryo san’atkor.
Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida xalqimiz ardog‘idagi san’atkor Matluba Dadaboyeva tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan tantanali musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi.
“San’atim – hayotim” deb nomlangan mazkur musiqa oqshomiga san’at ixlosmandlari, turli vazirlik va idoralar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy elchixonalar vakillari, maqom san’ati muxlislari, talaba-yoshlar taklif etildi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati instituti rektori Eldor Shermanov va boshqalar Matluba Dadaboyevaning milliy qo‘shiqchilik san’ati, ayniqsa maqom rivoji yo‘lidagi betakror faoliyati xususida so‘zladi.

–Xalq orasida, ayniqsa muxlislar uchun o‘z ijodini sarhisob etib, taqdim qilish har bir san’atkorning orzusi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Prezidentimizning sohaga bo‘lgan e’tibori sababli bugungi kunda tabarruk yoshdagi ko‘plab ustoz san’atkorlarning yubiley sanalari tantanali tarzda o‘tkazilmoqda. Matluba Dadaboyeva xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilayotgan san’atkorlardan. Uning qo‘shiqlari Tojikistonda ham sevib tinglanadi. Ellik yil sahnada maqom san’atini kuylash, shu bilan birga, tabarruk 70 yoshda ham betakror ovozni saqlab qolish – bu juda katta gap. Shu jihatdan Matluba Dadaboyeva yoshlarga ibrat bo‘layotgan san’atkor. Ayni paytda Matluba Dadaboyeva o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, qardoshlik aloqalarini tobora mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
– Shunday ajoyib musiqiy oqshomda ishtirok etayotganimdan behad mamnunman, – dedi Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda. – Darhaqiqat, Matluba Dadaboyeva o‘z san’ati bilan ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga faol hissa qo‘shib kelmoqda. Uning mayin, shirador, betakror ovozi musiqa muxlislari qalbidan joy olgan.
Kechada Matluba Dadaboyeva ijrosidagi qo‘shiqlar yangradi. Shu bilan birga Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli, “Munojat” badiiy raqs jamoasi musiqa oqshomiga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Musiqa oqshomi jonli ijroda, juda samimiy va fayzli o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA