Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shakar muhim ozuqaviy mahsulot, ammo…
11:35 / 2025-09-02

Shakar inson hayotida muhim oziq-ovqat mahsuloti sirasiga kiradi. U nafaqat ta’m va energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi, balki miya faoliyatini rag‘batlantirishda ham yordam beradi. Shu bilan birga, shakar organizmga tez energiya beradi, bu esa jismoniy va ruhiy faoliyat uchun muhim. Biroq, ortiqcha shakar iste’moli yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, vazn ortishi va boshqa sog‘liq bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun shakar iste’molini me’yorida saqlash, sog‘lom hayot tarzining ajralmas qismidir.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar-iyun oylarida 165,5 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yillarning mos davri bilan taqqoslaganda sezilarli kamayishni ko‘rsatadi. Chunki oxirgi yillarda shakar ishlab chiqarishda o‘sish emas, ma’lum qadar pasayish kuzatilgan. 2023 yil hisobida 332,6 ming tonna, 2024 yilda 227,8 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan edi.

Shakar ishlab chiqarish hajmidagi pasayish, bir qator iqtisodiy va iqlim sharoitlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zgarishlar, shakarqamish va shakar lavlagi hosilining kamayishi ham bunga ta’sir ko‘rsatish ehtimoli yuqori. Shu bilan birga, iste’molchilar orasida sog‘lom ovqatlanishga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani ham shakar iste’molining kamayishiga sabab deyish mumkin. 

Mutaxassislarning fikricha, shakar biz iste’mol qiladigan aksariyat ozuqalarda mavjud. Shuningdek, hozirda sevib iste’mol qilinadigan turli qandolat mahsulotlari va gazli ichimliklar tarkibida katta miqdorda shakar bo‘ladi. Hozirgi kunda ko‘pchilikda asosan noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq muammolar kelib chiqmoqda. Aksariyat sog‘lom turmush tarziga amal qiladigan insonlar shakarni ovqatlanish ratsionidan ma’lum qadar kamaytirayapti yoki umuman chiqarib tashlamoqda. 

Lekin hamma ham bu mahsulotdan to‘liq voz kecholmaydi. Chunki shakar qandolatchilik, ichimlik va turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi eng kerakli qo‘shimcha hisoblanadi. Albatta, har bir inson shakar iste’molida balansni yo‘lga qo‘yolsa, ushbu mahsulot sog‘liq uchun katta muammolar keltirib chiqarmaydi.

Shakar ishlab chiqarish nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda ham yetakchi biznes hisoblanadi. Aholining shakarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, sifat va narxni barqarorlashtirish maqsadida ushbu sohada yangi texnologiyalar joriy etish va ishlab chiqarishda raqobatbardosh kompaniyalar faoliyat yuritishi muhim ahamiyat kasb etadi. 

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA