Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shakar ishlab chiqarish loyihasi rejalashtirilmoqda
11:42 / 2026-02-11

Jizzax viloyatida qand lavlagini yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashga qaratilgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Mazkur tashabbus Misrning “Nile Sugar” kompaniyasi ishtirokida yo‘lga qo‘yilib, u qishloq xo‘jaligi va sanoat o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni ta’minlashga qaratilgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yaratishni nazarda tutadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha G‘allaorol tumani hududida joylashtirilib, qand lavlagini yetishtirish, qayta ishlash va tayyor shakar mahsuloti ishlab chiqarish bosqichlarini qamrab oladi. Loyihaning umumiy qiymati 450 million AQSH dollariga baholanmoqda bo‘lib, u asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Korxona ishga tushirilgandan so‘ng yillik shakar ishlab chiqarish hajmi 200 ming tonnagacha yetishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 30 yanvarda qabul qilingan “2026–2027 yillarda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalardan biri hisoblanadi. Xususan, hujjatda hududga yirik investitsiyalarni jalb etish, agrosanoat tarmoqlarida qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Tegishli vazirlik va idoralar tomonidan bildirilgan fikrlarga ko‘ra, ushbu loyiha mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorda shakar mahsulotiga bo‘lgan talabni barqaror qondirish hamda import hajmini bosqichma-bosqich qisqartirishga xizmat qiladi. Ayni paytda shakar mahsuloti ichki iste’mol bozorida strategik ahamiyatga ega mahsulotlar qatoriga kiradi va uni mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarish davlat iqtisodiy siyosatida muhim yo‘nalish sifatida qaralmoqda.

Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, loyiha qishloq joylarda ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Qand lavlagini yetishtirish uchun yangi yer maydonlarining jalb qilinishi fermer xo‘jaliklari faoliyatini kengaytirish, agrar sohada barqaror daromad manbalarini shakllantirish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida, qishloq aholisi bandligini oshirish va hudud iqtisodiy faolligini kuchaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mutaxassislar fikricha, xorijiy investor ishtirokida amalga oshirilayotgan bunday loyihalar nafaqat moliyaviy resurslar, balki ilg‘or texnologiyalar va boshqaruv tajribasini ham olib kiradi. Shakar ishlab chiqarishda zamonaviy energiya tejamkor uskunalar, samarali sug‘orish tizimlari hamda yuqori hosildor agrotexnologiyalarni joriy etish rejalashtirilayotgani ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Shuningdek, yangi korxonaning ishga tushirilishi ichki bozorda shakar mahsuloti taklifini ko‘paytirib, narxlar barqarorligini ta’minlashga qo‘shimcha omil sifatida qaralmoqda. Bu holat nafaqat iste’molchilar, balki oziq-ovqat sanoatida faoliyat yuritayotgan boshqa tarmoqlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, Jizzax viloyatida shakar ishlab chiqarishga qaratilgan ushbu investitsiya loyihasi hududning sanoat salohiyatini oshirish, agrar sohada qo‘shimcha qiymat yaratish hamda mamlakat iqtisodiyotida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushini kengaytirish yo‘lidagi izchil islohotlar mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri