Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahrulla Mahmudov: jahon chempionati har jihatdan muvaffaqiyatli o‘tkaziladi
18:07 / 2021-12-01

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 7-17 dekabr kunlari poytaxtimiz og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi 86-jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.

Shu kunlarda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasida Shahrulla Mahmudov boshchiligidagi ishchi guruh chempionatning tashkiliy ishlari va keluvchi davlatlarni ro‘yxatga olish, musobaqa doirasida bo‘ladigan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi - IWF kongressini o‘tkazish borasida qizg‘in faoliyat olib bormoqda. Shahrulla Mahmudov bilan chempionatga tayyorgarlik jarayonlari xususida suhbatlashdik.

- Nafaqat mamlakatimiz sport hayotida, balki xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi faoliyatida ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

- Mamlakatimizda ko‘p yillardan buyon og‘ir atletika bo‘yicha turli darajadagi nufuzli musobaqalar o‘tkazilgan. Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati, kattalar o‘rtasida qit’a chempionatlari tashkil etilgan. Ammo kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligi Vatanimizda birinchi bor o‘tkazilmoqda.

Noyabr oyi o‘rtalarida Xalqaro og‘ir atletika (IWF) federatsiyasi vakillari kelib ketishdi. Hozirda ular bilan onlayn tarzda ishlayapmiz. Davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi, Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda daxldor tashkilotlar hamkorligida ishlab chiqilgan dastur asosida tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Bir guruh mutaxassislardan iborat maxsus ishchi guruh tuzilgan. Hozirda chet ellik sport delegatsiyalarini kutib olish, joylashtirish, mashg‘ulot va musobaqalar o‘tadigan majmualarni hozirlash va boshqa bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha belgilangan vazifalarning so‘nggi bosqichi bajarilmoqda.

- Chempionatdan keyin Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining kongressi o‘tkaziladi. Ushbu kongressda IWF prezidenti va ijroiya qo‘mita a’zolari saylanishi belgilangandi. Ammo Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tarqatgan xabarga ko‘ra, IWF prezidentligi saylovi bir muncha kechroqqa surilibdi. Shu rostmi?

- Darhaqiqat, jahon chempionatidan keyin IWF prezidentligi uchun saylov Toshkentda o‘tkazilishi belgilangan. Bu borada bir qator mamlakatlar, qit’aviy og‘ir atletika federatsiyasi kengashlari o‘z nomzodlarini ilgari surishgandi ham. Ammo IWF tashkiliy qo‘mitasi qarori bilan saylov jarayonlari Toshkentda o‘tmaydigan bo‘ldi. Lekin aytish lozimki, prezident saylovisiz o‘tadigan kongressda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining jahondagi faoliyati masalasidagi bir qator mavzular bo‘yicha kongress yig‘ilishi tashkil etiladi.

Toshkentda shuningdek, qit’aviy konfederatsiyalar, IWF tuzilmasidagi komissiyalar o‘z ichki anjumanlarini tashkil etadi.

- Ma’lumotlarga ko‘ra, bir qator xorijiy davlatlar Toshkentga kelmasligi mumkin ekan...

- Shunday. Bilasiz, hozirda Afrika qit’asi, Yevropaning ayrim davlatlarida koronavirusning yangi turi bo‘yicha cheklovlar joriy qilinmoqda. Shu ma’noda, bugun – 1 dekabr kuni Xitoy davlati chempionatda ishtirok eta olmaslik bo‘yicha bildirishnoma yo‘lladi. Shuningdek, Misr davlati terma jamoasi ham IWF bilan o‘rtalaridagi ayrim muammolar sabab Toshkent musobaqalarida qatnasha olmaydi.

- Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasidagi vaziyat qanday?

- Shukrki, sportchilarimizning kayfiyati a’lo. Bilasiz, asosiy tarkibimiz 5 dekabrga qadar Ukrainada mashg‘ulot o‘tkazyapti. Har kuni murabbiylar shtabi, sportchilar bilan onlayn tarzda aloqa bo‘lib turibmiz. Niyatimiz, Vatanimizda o‘tadigan chempionatda yuqori natijalarni qayd etish.

O‘tayotgan yilda Tokio olimpiadasida, o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida ko‘zlangan maqsadlarga erishdik. Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayev kabi tajribali sportchilardan iborat sportchilarimiz o‘ylaymanki, ishonchni oqlashadi.

- Chempionatda qatnashadigan ilk sport delegatsiyalari qachon Toshkentga keladi?

- Mazkur jahon chempionatida qatnashadigan Janubiy Koreya va Filippin terma jamoalari 3 dekabr kuni yurtimizga yetib keladi. Aslida, Xitoy terma jamoasi ham shu kuni poytaxtimizga kelishni rejalashtirgandi. Afsuski, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat istaklar xohishga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatmoqda.

Shu o‘rinda aytish lozimki, Xitoy og‘ir atletikachilarining chempionatda qatnashmayotganligi biz uchun ozgina noqulay vaziyatni keltirib chiqarmoqda.

Boisi, Tokio olimpiya o‘yinlarida Chin yurti og‘ir atletikachilari yettita oltin va bitta kumush medal bilan umumjamoada 1-o‘rinni egallagandi. Biz Toshkentda ular bilan ayni shu jabhada bahslashmoqchi edik. Afsus, shu niyatimiz amalga oshmaydigan bo‘lib turibdi. Lekin shunday bo‘lsada, kayfiyatni tushirmagan holda musobaqani zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘tkazish, muxlislarni xushnud etishni rejalashtirganmiz.

- Suhbatingiz uchun rahmat. Niyatlar ijobat bo‘lishiga tilakdoshmiz.

O‘zA muxbiri To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi.