Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahrixonlik to‘nchi Hafizaxon ayani bilasizmi?
14:03 / 2023-09-30

Qadriyatlarimiz jonkuyarlari

To‘n, chopon xalqimizning qadim milliy liboslaridan biri hisoblanadi. Yurtimizning barcha hududlarida to‘nning bichimi bir xil bo‘lsa-da, lekin Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Buxoro, Surxon vohasiyu Xorazm to‘nlari uzunligi, matosi, rangi va bezatish usullari bilan bir-biridan farqlanadi. 

To‘n tikish esa avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan o‘ziga xos hunar turlaridan biri sanaladi. Yurtimizda, xususan, Andijonda ushbu hunarni asrlar davomida e’zozlab, farzandu nabiralariga meros qilib qoldirayotgan ko‘plab to‘nchilar sulolalari bor. Ana shunday to‘nchilar sulolasi vakillaridan biri Shahrixon tumanidagi Yoshlar mahallasida yashovchi Hafizaxon aya Mamajonovadir. 

Shahrixon azal-azaldan hunarmandlar, tadbirkorlar yurti, deb e’tirof etiladi. Ayniqsa, tumanda hunarmandchilikning pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, kashtachilik, milliy to‘n tikish kabi qator yo‘nalishlarida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Ana shu hunari ortidan daromad topib, o‘zi, qolaversa, yurtni boy qilayotgan hunarmandlar ko‘p. 

–Mamlakatimizda keyingi yillarda hunarmandlar, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi Shahrixon tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ergashxon Begmatova. – Hunarmandlarga davlatimiz tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilmoqda, samarali ish olib borishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunda birgina Shahrixon tumanida 500 nafardan ziyod tadbirkor va hunarmand ayol davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda faoliyat olib bormoqda. Hunarmandchilikni rivojlantirish orqali xotin-qizlar uchun yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

To‘nchi Hafizaxon aya Mamajonovani tumanda tanimaydigan odam juda kam. Chunki u o‘zi tikkan rang-barang to‘nlar bilan Shahrixon dovrug‘ini yurtga yoymoqda. Eng asosiysi, yuzlab yoshlarga hunar o‘rgatib, hunarmandlar safini kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

– Men to‘nchilar sulolasining to‘rtinchi avlodi vakiliman, – deydi Hafizaxon Mamajonova. – Biz oilada besh qiz farzand bo‘lganmiz, to‘n tikishni bolaligimizdan rahmatli buvimiz Ilmigulsin, onamiz Halimaxon chevardan o‘rganganmiz. Biz farzandlar ushbu hunarni o‘rganib, hech birimiz kam bo‘lmadik, shu hunar ortida rizqimiz baland bo‘ldi, el-yurt o‘rtasida hurmat-e’tibor topdik. 

[gallery-13826]

Ayni kunda Hafizaxon aya o‘z xonadonida 10 nafardan ortiq shogirdi bilan “qora satin”, “slon”, “villur to‘n”, “gulli villur” “Marg‘ilon alachasi”, “gulli to‘n”, “beqasam” singari to‘nlarni tikmoqda. Mohir hunarmand xonadonida bir haftada 60-70 dona to‘n tikiladi. To‘ylar mavsumida esa bu son ikki, ikki yarim barobarga ortadi.Tayyorlangan sifatli va bejirim to‘nlar nafaqat Shahrixon, balki Asaka, Andijon, Marg‘ilon, Farg‘ona, Qo‘qon va Namangan bozorlarida sotilmoqda. 

Hafizaxon aya hozirga qadar 100 nafarga yaqin shogird tayyorlagan. Bugungi kunda ularning barchasi o‘z xonadonida mustaqil ish yuritadi, har birining o‘nlab shogirdlari bor. 

–Hayotimda oilaviy an’anamizni davom ettirishga alohida e’tibor qaratganman, – deydi Hafizaxon aya. – Qizlarim Gulnoza, Nigora, Gulshanoy, Gavharoy va Madinaxonlarga bu hunarni bolaligidan o‘rgatganman. Ular to‘n tikishning o‘ziga xos va nozik jihatlarini puxta o‘rgangan. Qizlarim o‘z navbatida ushbu hunarni nabiralarimga o‘rgatmoqda. Shu tariqa sulolamiz vakillari yana ko‘p yillar hunarimizni davom ettirishiga ishonaman. 

Hafizaxon ayaning xonadoni shogirdlari, mahalladagi to‘n tikish hunarini o‘rganish istagidagi qiz-juvonlar bilan hamisha gavjum. Ayni kunda 10 nafardan ortiq shogirdiga hunar sirlarini o‘rgatmoqda. Bundan tashqari, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi ham hunarmand aya bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Ya’ni ushbu mahallada joylashgan maktabning o‘quvchi qizlari ham darsdan bo‘sh vaqtlarida ayaning xonadoniga kelib hunar o‘rganishi yo‘lga qo‘yilgan.

–Bir guruh dugonalarim bilan darsdan bo‘sh vaqtlarimizda ustozimizning uyiga kelib, to‘n tikish hunarini o‘rganamiz, – deydi tumandagi 3- umumta’lim maktabining 10- sinf o‘quvchisi Gulbahor Hamidjonova. – Xalqimizda “Hunarli inson hech qachon xor bo‘lmaydi” degan hikmatli gap bor. Ishonamanki, o‘rgangan hunarimiz kelgusi hayotimizda bizga albatta, asqatadi.

Ayaning xonadonida tashkil etilgan mo‘’jazgina “To‘n muzeyi”dan o‘tgan asrning yigirmanchi, o‘ttizinchi yillarida tikilgan to‘nlar ham o‘rin olgan. Muzeyga qo‘yilgan to‘nlar hunar tarixi, rivojlanishi jarayoni haqida keng ma’lumotlar olish imkonini beradi. 

Avlodlaridan meros to‘nchilik hunarini yillar davomida e’zozlab kelayotgan Hafizaxon aya turli yillarda o‘z mahsulotlari bilan “Tashabbus”, “Ishbilarmon ayol” tanlovlarining tuman, viloyat bosqichlarida ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan. Andijon, Marg‘ilon va Toshkentda o‘tkazilgan ko‘plab savdo ko‘rgazmalarida qatnashib, keng jamoatchilikning e’tirofini qozongan. 

Momomdan qolgan meros, E’zozlagan kasbim mening, Oilam, muhabbatim, hunarim, Hayotda unarim mening.

Hafizaxon aya hamisha mana shu qo‘shiqni xirgoyi qilib ishlaydi. Chunki, shu hunar ortidan daromad topib, tirikchilik o‘tkazdi, to‘ylar qilib, farzandlarini o‘qitdi, uyli-joyli qildi. 

Bugun olti farzandi, 20 nafardan ortiq nabirasi, ko‘plab shogirdlari qurshovida, e’zozida umrguzaronlik qilayotgan Hafizaxon ayaning umr yo‘llari ko‘plar uchun ibrat maktabidir. U singari hunari, halol mehnati ortidan rizq topayotgan, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan hunarmand ayollarimiz bor ekan, hayotimiz yanada gullab-yashnayveradi. 

Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.