Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahrixonga “Jahon hunarmandlar shahri” maqomi berilishi mumkin
14:49 / 2025-07-23

Butunjahon hunarmandlar kengashi (AISBL) prezidenti, janob Saad al Qaddumiy rahbarligidagi bir guruh kengash ekspert va mutaxassislari Andijonda bo‘ldi.

Andijon viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Dilshodbek Karimov mehmonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuvda mehmonlar tomonidan jahon tamaddunida qadim tarix va an’analarga ega o‘zbek hunarmandchiligining o‘ziga xos o‘rni va roli borligi, dunyo xalqlari katta qiziqish bilan qarashi, ayniqsa, O‘zbekiston hukumati hunarmandchilikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotganligi alohida ta’kidlandi.  

Butunjahon hunarmandlar kengashi (AISBL) prezidenti Saad al Qaddumiy, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha vitse-prezident Sundiy Kumar, Afrika mintaqasi bo‘yicha vitse-prezident Nadia Faroq Meyer, Shimoliy Amerika mintaqasi prezidenti, doktor Karl Robertson Lopes va boshqa ekspert hamda mutaxassislar o‘zbekistonlik hunarmandlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, hunarmandchilik markazlari, xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etish, mazkur yo‘nalishda ta’limni rivojlantirish singari qator masalalar xususida so‘z yuritdi. 

[gallery-24428]

– O‘zbek hunarmandchiligining “Ustoz-shogird” maktabi dunyo tajribasida noyob, o‘ziga xos an’ana hisoblanadi, – deydi Saad Al Qaddumiy. – Ushbu an’anaga biz katta qiziqish bilan qaraymiz. Chunki ushbu tizim hunarmandchilikni rivojlantirish, ular safini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda mehmonlarga viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Dilshodbek Karimov Andijon viloyatining hunarmandchilik imkoniyatlari, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, xalqimiz tarixi, madaniyatini aks ettiruvchi milliy hunarmandchilik an’analarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi. Butunjahon hunarmandlar kengashi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun zarur barcha ishlar amalga oshirilishini, ushbu hamkorlik Andijon hunarmandchilik maktabini jahon miqyosida e’tirof etilishiga xizmat qilishini aytib o‘tdi. 

Uchrashuvda mehmonlar tomonidan Shahrixonga “Jahon hunarmandlar shahri” maqomini berish xususida ham fikrlar bildirildi. 

Shundan so‘ng mehmonlar Shahrixondagi “Hunarmandchilik markazi”da ish olib borayotgan hunarmandlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 

Shahrixon azal-azaldan hunarmandlar, tadbirkorlar yurti sifatida e’tirof etiladi. Ayniqsa, tumanda pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, kashtachilik, milliy to‘n tikish kabi qator yo‘nalishlarda hunarmandlar sulolasi va  maktablari shakllangan. 

Butunjahon hunarmandlar kengashi vakillari pichoqchi ustalar Arobiddin No‘’monov, Bahromjon Yusupov, Ulug‘bek Mullajonov, Umidjon Madg‘oziyev, Otabek Soliyev, Musoxon Alixo‘jayev, shuningdek, do‘ppido‘z Yorqinoy To‘ychiyeva, Feruzaxon Toshmatova, milliy to‘n tikuvchi hunarmand Xafizaxon Mamajonovaning xonadon va ustaxonalarida, to‘n va do‘ppi muzeyida, pichoqchilik bozorida bo‘ldi. 

Uchrashuv va safar davomida xalqaro ekspertlar Shahrixon hunarmandlari faoliyatiga yuqori baho berdi. O‘zbekiston, xususan, Andijonda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha fikrlar bildirishdi. 

Mehmonlarga respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov hamrohlik qildi. 

Ma’lumot o‘rnida, Butunjahon hunarmandlar kengashi (AISBL) 1964 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Bryussel (Belgiya) shahrida joylashgan. Hunarmandchilikni dunyo miqyosida targ‘ib etish, milliy va mintaqaviy tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, hunarmandlar uchun xalqaro ko‘rgazmalar, festivallar, simpoziumlar tashkil etish, hunarmandchilikni ta’lim, innovatsiya va iqtisodiyot bilan bog‘lash, hunarmandchilik orqali barqaror rivojlanishni ta’minlash, turizmni rivojlantirish tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi. 

Butunjahon hunarmandlar kengashi qarori bilan dunyoning to‘rt qit’asidagi 60 ga yaqin shahar “Jahon hunarmandlar shahri” maqomini olgan. Xususan, yurtimizda  Buxoro, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari ham ana shu maqomga sazovor bo‘lgan. 

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari.