Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahrixonda "jihod" targ‘iboti bilan shug‘ullangan voyaga yetmagan shaxs faoliyati fosh etildi
10:49 / 2025-10-10

Andijon viloyati Shahrixon tumani Segaza mahallasida yashovchi 2007 yilda tug‘ilgan shaxs ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda taqiqlangan materiallarni tomosha qilishi oqibatida radikal g‘oyalarga berilib, xorijdagi terrorchilik tashkilotlari yollovchilari ta’siriga tushgan.

U Instagram va Telegram ijtimoiy tarmoqlarida "Ahli sunna editlar" nomli guruh ochib, o‘ziga "Abu Bakr" taxallusini qo‘ygan holda faoliyat yuritgan. Mazkur guruhga u o‘zi bilan bir maktabda o‘qiydigan sakkiz nafar tengdoshini ham qo‘shgan va ular bilan "jihod" hamda "shahidlik" haqidagi g‘oyalarni muhokama qilgan.

Tekshiruvlarga ko‘ra, guruh a’zolari xorijdagi notinch hududlarga chiqib ketishni ham rejalashtirishgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida mazkur noqonuniy faoliyatga chek qo‘yildi. Guruh a’zolarining chet davlatlarga chiqib ketishining oldi olindi.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244¹-moddasi uchinchi qismi "g" bandi hamda 244²-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov davomida voyaga yetmagan shaxs o‘z harakatlaridan pushaymonligini bildirib, bu yo‘lning xato ekanini tan olgan.

Hamroz Bayanov,

O‘zA