Poytaxtimizga Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda Jahon hunarmandlar Kengashi (WCC AISBL) prezidenti Saad al-Qaddumi rahbarligidagi xalqaro delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Xususan, AQSH, Hindiston, Kuvayt, Rossiya va Janubiy Afrikadan delegatsiya a’zolari Toshkentga yetib keldi.
Uchrashuvda hunarmandchilikni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Hunarmandlarning tashrif doirasida namoyish etiladigan asarlar hamda mahorat darslariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotganliklari qayd etildi.

Shuningdek, tashrif doirasida Andijon viloyati Shahrixon tumani va Farg‘ona viloyati Rishton tumanlariga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomini berish masalasi o‘rganildi.

Muloqotdan so‘ng delegatsiya Farg‘ona viloyatiga jo‘nab ketdi. Endilikda, delegatsiya a’zolari hunarmandlar markazlari, uy-muzeylar, mahorat darslari, tarixiy va madaniy obidalar bilan tanishadi.

Ushbu tashrif milliy hunarmandchiligimizni xalqaro miqyosda tanitishda muhim qadam bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA