Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahrisabzning Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi
16:00 / 2025-07-18

Parij shahrida YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 47 sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya yig‘ilishida Shahrisabz shahrining Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmati O‘zAga ma’lum qilishicha, qo‘mita O‘zbekistonning ushbu ob’ektni asrash bo‘yicha sa’y harakatlarini yuqori baholab, YUNESKO Butunjahon merosi markazi hamda IKOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni asrash bo‘yicha xalqaro kengash)  bilan samarali hamkorlik muhimligini alohida qayd etdi.

Kelgusi bosqich sifatida O‘zbekistonga takroriy nominatsiyani tayyorlash uchun uch yil muddat berildi. Unda Shahrisabzning siyosiy, madaniy va diniy markaz sifatidagi betakror tarixiy rolini aks ettiruvchi temuriylar davri me’moriy merosiga alohida urg‘u qaratiladi.

Shaharning tarixiy qismi bufer hudud sifatida belgilanishi rejalashtirilgan, bu uning madaniy qiymatini yanada samarali asrash imkonini beradi. Mazkur qaror xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tizimli va ochiq muloqotlar natijasi bo‘ldi.

Anjumanda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etib, YUNESKO, IKOMOS va barcha xalqaro hamkorlarga bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan.

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA