Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq 500 million so‘mgacha subsidiyalar ajratish belgilangan.
Shu doirada Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida faoliyat yuritayotgan “Sardorbek-Shahri-Kesh” ishlab chiqarish korxonasi my.ihma.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tdi. Korxona tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilinib, 40 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar ish bilan ta’minlandi.


Ular orasida 2-guruh nogironi bo‘lgan Dilafruz Abdiyeva ham bor. U bir necha yil davomida ishsiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda korxonaga kasanachilik asosida jalb etildi. U uy sharoitida mahsulot tayyorlab, korxonaga yetkazib beradi. Bu uning hayotida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.


Tadbirkor esa davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar va ijtimoiy mas’uliyatni oshirishga qaratilgan mexanizmlardan foydalanib, 49,5 million so‘m subsidiya oldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u respublika miqyosida subsidiyadan eng ko‘p foydalangan tadbirkorlardan biri hisoblanadi.



O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri