Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahrisabz, Sariosiyo va Zominga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
11:29 / 2022-10-29

Prezidentimizning joriy yil 26 oktyabrdagi “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori ijrosi doirasida ichki turizm va mintaqaviy aviatashuvlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholining aviaqatnovlarga bo‘lgan talabini qondirish hamda fuqaro aviatsiyasi sohasida raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida Transport vazirligiga quyidagi:  

– hududlarni bir-biri bilan o‘zaro bog‘lash maqsadida 2023 yil mart oyidan boshlab Samarqand – Nukus, Samarqand – Mo‘ynoq, Samarqand – Termiz, Buxoro – Termiz, Namangan – Termiz va Namangan – Nukus kabi yangi yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlarni boshlash;

– Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida “Shahrisabz” va “Sariosiyo” aeroportlariga aviaqatnovlarni tiklash, shuningdek, “Zomin” aeroportiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish;

– aviaqatnovlar jadvalini yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan temir yo‘l, avtobus va mikroavtobus yo‘nalishlari bilan integratsiyalash orqali yagona logistika tizimini yaratish choralarni ko‘rish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning rezident aviakompaniyalariga ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlar uchun aviachipta narxining 25 foizi miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratish muddati 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi.

“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati dastlabki xarajatlarni moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va asosiy vositalarni xarid qilish uchun “Uzbekistan Airports” AJga 2 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 50 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratadi.  

Bunda ta’minot sifatida kredit qiymatining 125 foizi miqdorida “Uzbekistan Airports” AJning ko‘chmas mulki hamda xarid qilinayotgan havo kemalari garov sifatida taqdim etiladi hamda asosiy qarz, foizlar, komissiya va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar aviakompaniya va “Uzbekistan Airports” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Davlat buyurtmachisi hisoblangan aviakorxonalarga xarid qilish tartib-taomillarini elektron shaklda o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlash orqali havo kemalarini xarid qilish yoki lizing asosida olish jarayonlarini huquqiy jihatdan ta’minlash uchun – xalqaro yuridik kompaniyalar, havo kemalari uchuvchilarini o‘qitish uchun – o‘quv-mashq markazlari, shuningdek, havo kemalari sotuvchi, lizing asosida yetkazib beruvchi, texnik xizmat ko‘rsatuvchi, ehtiyot qismlari bilan ta’minlovchi, tashuvchi, ta’mirlovchi, texnik hujjat ishlab chiquvchi hamda xalqaro audit, konsalting va maslahatchi kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.

Hujjat bilan O‘zbekistonning rezident aviakompaniyalari 2028 yil 1 yanvariga qadar (ro‘yxat asosida) olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan havo kemalariga xizmat ko‘rsatish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, texnik hujjatlar va dasturiy ta’minot uchun bojxona to‘lovlari (QQS va bojxona yig‘imidan tashqari) to‘lashdan ozod qilish ham nazarda tutilgan.

A.Qayumov, O‘zA