Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahrisabz osmoni uzra havo sharlari uchirildi
18:21 / 2024-10-14

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydoni xorijlik va mahalliy sayyohlar bilan gavjum. Boisi, bu yerda dunyo bo‘ylab yuzdan ziyod mamlakatda havo sharida osmonga parvoz qilgan birinchi ayol aeronavt Elli Danington boshchiligidagi Xalqaro aeronavtika federatsiyasi delegatsiyasi mehmon bo‘lishi sharafiga “Musaffo osmon” shiori ostida “I Xalqaro havo sharlari fiestasi” bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdan Oqsaroy maydonida 10 ta havo shari Shahrisabz shahri osmoni uzra parvoz qildi. 

Festivalda Germaniya, Rossiya, Braziliya, Qozog‘iston kabi o‘nlab davlatdan xorijlik sayyohlar va minglab mahalliy mehmonlar ishtirok etdi. 
Havo sharlarini dunyo bo‘ylab ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan festivalda Shahrisabz markazidan havoga ko‘tarilgan havo sharlari taxminan bir soat davomida parvoz qilib, Shahrisabz, Kitob va Yakkabog‘ tumanlaridagi keng maydonlarga qo‘ndi. 

[gallery-19737]

– Men bu festivalga Buyuk Britaniyadan keldim, – deydi Elli Danington. – Bu gal havo sharlaridagi eng muhim 118-parvozimni amalga oshirdim. Hozirga qadar 117 ta davlatdagi xuddi shu kabi festival va musobaqalarda havo sharlarida ko‘tarilganman. Bilasizmi, yurtingizdagi bu parvoz men uchun juda ko‘tarinki bo‘ldi. Ayniqsa, Shahrisabz shahrining yuqoridan ko‘rinishi juda ajoyib ekan. Oqsaroy va uning atrofidagi manzara hayratda qoldiradi kishini. Biz qo‘ngan manzilda esa ko‘plab odamlar gullar bilan kutib oldi, fotosuratlarga tushdik. Aytmoqchimanki, mamlakatingizdagi bu sayohatim va parvozim hayotimdagi esda qoladigan yorqin xotiralarga boy bo‘ldi. 

Shuningdek, tadbir doirasida tashkil etilgan “Xalqaro anor festivali” ham xorijlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. 

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri