Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shahrisabz maktablarida “Dolzarb 90 kun” davom etmoqda
09:20 / 2025-08-01

FOTOREPORTAJ

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi yozgi ta’til kunlarida shahrisabzlik yoshlar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. 

Loyiha doirasida tumandagi ta’lim muassasalarida turli tanlov, musobaqa va madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, har bir tadbir yoshlarning iste’dodini namoyon etish va ularni yangi marralar sari undashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli.

Shahrisabz tumanidagi 10 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan kunduzgi oromgohlar 400 dan ziyod o‘quvchiga o‘z bag‘rini ochdi. O‘quvchilar 12 kunlik mavsumlarda ishtirok etib, yozgi ta’tilni maroqli va foydali o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. 

[gallery-24571]

Bundan tashqari, 8-10-sinf o‘quvchilarida kasb-hunarga qiziqishni oshirish maqsadida tumandagi 3 ta politexnikumda (1649 nafar), o‘quv markazlarida (530 nafar), sport maktabida tashkil etilgan to‘garaklarda (1865 nafar), “Barkamol avlod” bolalar maktabida (356 nafar), mahallalardagi hunarmandlarning shogirdlik guruhlarida (54 nafar) jami 4650 dan ziyod o‘quvchi mahorat oshirmoqda. 18 ta sport maydonchasida tashkil etilgan sport sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari va musobaqalarida esa 1123 nafar o‘quvchi ishtirok etib, o‘z salomatligini mustahkamlash barobarida, sportga bo‘lgan muhabbatini yanada oshirdi.

Tumandagi 45-umumta’lim maktabida loyiha doirasida robototexnika, chet tili, rassomchilik, qo‘l mehnati, gimnastika, stol tennisi, shaxmat-shashka to‘garaklari, “Zakovat” klubi, “Iqtidor” bolalar ansambli va ko‘chma kutubxonalar tashkil etildi. 

Loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish va kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan tashkil etilgan “Kitob karvoni” aksiyasi chekka qishloqlardagi yoshlarga kitoblar yetkazib berish va ular bilan muloqot qilish imkonini yaratdi. 

Dasturda yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirishga ham alohida yondashilgan. “Toza hudud” aksiyasi, daraxt ekish tadbirlari va ekologik bilimlarni oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari yoshlarda atrof-muhitga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA